Gender tenglikka erishish strategiyasi milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslanadi

    Oxirgi to'rt yil mobaynida gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish bilan bog'liq ikkita qonun, Prezidentimizning 6 ta farmon va qarori, hukumatning 16 ta qarori qabul qilindi.

    Gender tenglik nafaqat inson huquqini ta'minlash, balki, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan ezgu qadriyatdir. Qolaversa, gender tenglik — bu, mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko'rsatuvchi indikatorlardan biri hisoblanadi. SHu bois, bugungi globallashuv davrida jamiyatda bu masalaga ustuvor e'tibor qaratilmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi ishchi guruhi a'zosi, Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi kotibiyati bosh maslahatchisi Nodira SHOTURSUNOVA bilan suhbatimiz mamlakatimizda ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida bo'ldi.

    Nodira Nosirovna, suhbatimizni gender tenglik tushunchasining mazmun-mohiyati, jamiyatni rivojlantirishdagi ahamiyati haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

    — Gender — xotin-qizlar va erkaklar o'rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta'lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo'ladigan muhim ijtimoiy ko'rinish. SHu jihatdan olganda, gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi, balki, har ikki jins vakillarining o'z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ifoda etadi. Aynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri — bu erkak va ayol huquqlari teng­ligini ta'minlashdan iborat. Zero, jamiyatdagi bu muvozanat insoniyatning barqaror taraqqiyoti va farovon kelajagi kafolatidir. SHu bois, azal-azaldan kishilik jamiyati tarixida bu qadriyat yuksak e'zozlangan.

    Gender tenglikning huquqiy rivojiga e'tibor beradigan bo'lsak, bu borada 1948 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan umuminsoniy tamoyillarni alohida e'tirof etish joiz. Unda erkak va ayollarning tengligi alohida e'tirof etilgan bo'lib, Deklaratsiyaning 1-moddasida “Hamma odamlar o'z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo'lib tug'iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo'lish­lari kerak”, deya ta'rif berilgan. BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan yana bir xalqaro hujjat — Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 3-moddasida “Mazkur paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Pakt­da ko'rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanishini ta'minlash majburiyatini oladi”, deb ta'kidlangan.

    Ushbu xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan mustaqil davlatimiz xalqaro huquqning umume'tirof etilgan talab­laridan kelib chiqib o'z milliy qonunchiligida ayollar va erkaklar tengligi masalasiga jiddiy ahamiyat bermoqda. Xususan, so'nggi yillarda bu sohadagi huquqiy va amaliy ishlar yangi bosqichga ko'tarildi. Oxirgi to'rt yil mobaynida gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish bilan bog'liq ikkita qonun, Prezidentimizning 6 ta farmon va qarori, hukumatning 16 ta qarori qabul qilindi.

    Jumladan, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonuni mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga ta'rif berilgan. Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, ushbu sohada davlat bosh­qaruvi mexanizmlari belgilandi. Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida O'zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya tashkil etildi.

    Vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'yicha maslahat kengashi faoliyati yo'lga qo'yildi. Siyo­siy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan “2020-2030 yillarda O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

    Jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida ishlar qanday samara bermoqda?

    — Aytish kerakki, so'nggi yillarda mamlakatimizda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta'minlash, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ayollarni turli ­mas'ul lavozimlarga tayinlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada ayollarimiz deputat, senator, hokim, elchi, prokuror, sud`ya, soliqchi kabi mas'uliyatli lavozimlarda mehnat qilayotir.

    Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ishtirokini yanada oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi vaqtda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo'yicha tizimli o'quvlar tashkil etilmoqda.

    Xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni zo'ravonlikdan himoyalash masalasi ham dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning natijasi nimalarda ko'rinmoqda?

    — Aytish kerakki, garchi hayotimizda ayollarning zo'ravonlikka uchrashi bilan bog'liq holatlar qayd etilib, bu oila va jamiyat rivojiga o'z salbiy ta'sirini namoyon etsa-da, yaqin-yaqingacha bu muammo yopiq mavzu bo'lgan Bu holatni o'rganish tugul, u haqda so'z ochish ham mushkul edi.

    So'nggi to'rt yilda bu boradagi vaziyat tubdan o'zgardi, muammolar ochiq-oshkora tahlil etilib, ularning echimlari izlana boshlandi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun qabul qilinishi bu boradagi muammolar echimi yo'lida muhim qadam bo'ldi. Hozirgi kunda yurtimizda zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirish bo'yicha ikki yuzga yaqin markazlar faoliyat yurityapti. Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya huzurida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlar birlashmasi ham bu boradagi ishlarga o'z ulushini qo'shmoqda.

    Koronavirus pandemiyasi sharoitida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning oldini olish masalasi yanada ustuvor vazifaga aylandi. Bu boradagi chora-tadbirlarni amalga tatbiq etishda Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya tizimida ishonch telefonlari tashkil etildi. Bundan tashqari, telegramm tarmog'ida “Zo'ravonlikka yo'l yo'q” deb nomlangan maxsus kanal ochilgan. Ayni paytda bu ishlar izchil davom ettirilib, zo'ravonlikka uchragan ayollarga huquqiy-psixologik yordam ko'rsatish, zo'ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida maxsus mobil ilova ishlab chiqilayapti.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhim samara bermoqda. Xotin-qizlarning bandligini ta'minlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida izchil ish olib borilyapti. Ayni paytda Gender tenglik komissiyasi tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivoj­lantirish maqsadida tadbirkorlik maslahat kengashlari faoliyat yurityapti. Komissiya qoshida tadbirkor ayollar forumi tashkil etildi.

    Komissiya o'z faoliyatida xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro hamjamiyatga etkazishga ham e'tibor qaratadimi?

    — Albatta, bu yo'nalishda ham ishlarimiz tobora rivojlanayapti. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish yo'nalishida AQSHning ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bilan “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. EXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida odam savdosiga uchragan ayollarni qo'llab-quvvatlash maqsadida ixtisoslashtirilgan kichik ijtimoiy tikuv tsexi tashkil qilindi.

    O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida xalqaro hamjamiyatni xabardor etish va bu borada davlatimiz imijini oshirish maqsadida O'zbekiston delegatsiyasining AQSH, Evropa Ittifoqi, Koreya, YAponiya, Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Ozarbayjon, Keniya davlatlariga xizmat safarlari tashkil etildi. Xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida YUNISEF, YUNFPA, BMT Jahon banki, XMT, OTB, YUSAID EXHT, ETTB kabi xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama yillik qo'shma rejalar tasdiqlandi. Komissiya a'zolari Birlashgan Arab Amirliklarida bo'lib o'tgan jahon ayollar forumida ishtirok etdi.

    BMTning xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning har qanday shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi yuzasidan qabul qilingan milliy harakatlar rejasi ijrosi bo'yicha monitoring o'tkazildi. Tashkilot va idoralardagi mas'ul xodimlar uchun hisobotlarni tayyorlash haqida amaliy mashg'ulot tashkil etildi. 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish maqsadlarining gender sohasiga tegishli bandlari bo'yicha indikatorlar shakllantirilgan.

    Sizning fikringizcha, yurtimizda gender tenglikni ta'minlash ­borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish uchun birinchi navbatda qanday muammolarni hal etish kerak?

    — Bu borada, avvalo, gender masalasida aholining dunyoqarashini rivoj­lantirish zarur. Gender tenglik degani erkak va ayolning manfaatini birdek himoya qiladigan qadriyat ekanini barcha anglashi lozim. To'g'ri, hozirda yurtimizda bu yo'nalishda ayollar faolligini oshirishga ko'proq e'tibor berilayapti. Buning ham o'ziga yarasha sabablari bor — bizning jamiyatimizda erkaklar hamisha etakchi mavqeda va faol bo'lib kelgan. Ammo, ayollar masalasida hali qilinadigan ishlar ko'p. SHu bois, gender tenglik bilan bog'liq loyihalarimiz ko'proq ayollarning faolligini oshirishga yo'naltirilgan. Tabiiyki, bu yo'nalishdagi ishlar bir tizimga tushgach, gender tenglik lo­yihalari erkaklar va ayollar uchun teng muhit yaratishda davom ettiriladi.

    Vazirlik va idoralarda gender tenglik faoliyatini rivoj­lantirishga ko'maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida ham so'zlab bersangiz...

    — Hozirda qator vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'­yicha maslahat kengashi faoliyat yuritadi. Ko'pincha, ushbu kengash a'zolari bu kengashga kim rahbarlik qilishi kerak, bu yo'nalishda ishlarni qanday tashkil qilish kerak, degan savollarga duch keladi. Ularga bu yo'nalishda uslubiy-amaliy yordam berish maqsadida mediareja ishlab chiqib, targ'ibotni kuchaytirmoqchimiz. SHuningdek, shu kunlarda davom etayotgan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovini tashkil etishdan maqsad ham bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil va targ'ib etish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, jamiyat hayotida faolligini yanada oshirishdan iborat. An'anaviy tarzda o'tkazilishi rejalashtirilgan tanlovda har joriy yil yakunlari bo'­yicha gender tenglikni ta'minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, bu borada jamiyat rivoji uchun tashabbus ko'rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, o'z sohasiga tegishli yo'nalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va jurnalistlar ishtirok etadi. Tanlov bir qancha asosiy nominatsiyalar bo'yicha o'tkaziladi. Bir so'z bilan aytganda, bugungi kunda jamiyatimizda gender tenglik masalasi ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga ko'tarildi. Bu borada huquqiy va amaliy jihatdan keng qamrovli ishlar boshlab yuborilgan. eng muhimi, bu chora-tadbirlarning natijasi oila mustahkamligini ta'minlash va jamiyatda ma'naviy-ma'rifiy muhitni barqarorlashtirishda qisqa muddatda o'z samarasini ko'rsatayapti. Kelgusida bu ezgu ishlar izchil davom ettiriladi va yanada yangi bosqichga ko'tariladi.

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri

    Bahor XIDIROVA suhbatlashdi.