баннер
17 Apr 2025
15:38

    Yangi Oʻzbekistonda gender tengligi: orzular haqiqatga aylandi

    Xoʻsh, avvallari qanday edi, degan haqli savol tugʻiladi. Albatta, yaxshi qonunlarimiz, yaxshi niyatlarimiz bor edi. Ammo ularni hayotga tatbiq etish uchun xohish ham, ragʻbat ham yoʻq edi rahbarlarda.

    Kuni kecha davlatimiz rahbarining “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Oʻzining koʻp yillik samarali mehnati, yuqori kasbiy malakasi va mahorati bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida alohida tashabbus va ibrat koʻrsatib kelayotgan bir guruh opa-singillarimiz mamlakatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻldi.

    Toʻgʻrisi, ushbu roʻyxatda ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, texnika, iqtisodiyot, xavfsizlik kabi turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan bir qatorda koʻcha va xiyobonlarimizni, mahallalarimizni ozoda saqlayotgan zahmatkash, oddiy ayollar ham borligini koʻrib, chin dildan quvondim. Quvonmay boʻladimi? Axir mamlakatimizda xotin-qizlar jamiyat­dagi mavqei, yoshi, millati, dinidan qatʼi nazar, davlatimiz eʼtibori va ardogʻida.

    Koʻpchilik uchun yangilik boʻlmasa ham, ­aytay. Biz koʻp yillar 8-martni asosan, latofat va goʻzallik bayrami sifatida nishonlab keldik. Bugungi kunda ushbu sana ayollarning jamiyatdagi oʻrnini eʼtirof etish, samarali mehnatlarini ulugʻlash hamda gender tengligini taʼminlash ayyomi sifatida ham qadr topmoqda. Binobarin, yangi Oʻzbekistonda ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xotin-qizlar huquq va erkin­liklarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy muhofazasi va gender tengligini taʼminlash masalalariga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti.

    Darhaqiqat, bugun yurtimizda ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalasi bundan 10 yillar oldin boʻlgani kabi, faqat maʼruzayu hujjatlarda qolib ketayotgani yoʻq. ­Aksincha, xalqimiz hayotini tubdan oʻzgartirayotgan, ertangi kuniga umid uygʻotayotgan xalqchil islohotlarning farahbaxsh epkinini juda koʻplab opa-singillarimiz oʻz taqdiri misolida his qilib, sezib turibdi.

    Xoʻsh, avvallari qanday edi, degan haqli savol tugʻiladi. Albatta, yaxshi qonunlarimiz, yaxshi niyatlarimiz bor edi. Ammo ularni hayotga tatbiq etish uchun xohish ham, ragʻbat ham yoʻq edi rahbarlarda. Ayolning jamiyatdagi roli va ahamiyatini oshirish uchun koʻp ishlar qilindi, lekin hammasi ham kutilgan natijani bermadi. Masalan, tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan ayollar uchun imkoniyatlar qogʻozda boru, ulardan foydalanish oson emas edi. Imtiyozlar, qoʻllab-quvvatlash tizimlarini ishga tushirish borasidagi aniq reja va harakatlar yetishmadi. Natijada koʻplab ayollarimiz jamiyat hayotidan uzilib qoldi, oʻz oʻrinlarini topa olmadi.

    Bu muammolar tarbiya va taʼlim tizimida ham koʻzga tashlandi. Qiz boladan koʻra, oʻgʻil bolaning kelajagi haqida koʻproq qaygʻurildi: uni oʻqitish kerak, unga sharoit yaratish kerak, chunki u — oilaning boquvchisi. Qiz bolaga esa “Oʻqib nima qiladi, birovning xasmi boʻlsa”, degan qarash kuchaydi. Ammo qizlarimiz bilimli, maʼlumotli boʻlsa, bu nafaqat ularning, balki kelgusi avlodlarning taqdiriga ham ijobiy taʼsir qilishini unutdik.

    Davlatimiz rahbari bu ogʻriqli muammolarni Prezident etib saylangan ilk kunlaridanoq bosqichma-bosqich hal etishga kirishdi. Mana, oradan toʻqqiz yil oʻtib, yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini bera boshladi.

    Xotin-qizlar taʼlim, davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va jamiyatning barcha sohalarida oʻz oʻrnini mustahkamlab, nafaqat shaxsiy kelajagini, balki yurt taqdirini ham belgilashga qodir kuchga aylanmoqda.

    Bu oʻzgarishlar mamlakatimizning xal­qaro reytinglardagi oʻrnida ham oʻz aksini topmoqda. Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) boʻyicha natijalarini 51 pogʻonaga yaxshilab, 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi va Markaziy Osiyoda yetakchi davlatga aylandi.

    Bu yutuqlar xotin-qizlarning IT va STEM-loyihalardagi ishtiroki, raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan taʼlim dasturlari hamda gender tengligi va ayollar huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar natijasidir. Shuningdek, ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida maxsus ilova va ishonch telefonlari ham ishga tushirildi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, GEGI reytingi 158 davlatni qamrab olib, gender tengligi sohasidagi yutuqlar va kamchilik­larni aniq baholash imkonini beradi. 2024-yilda Oʻzbekiston 72,8 ball toʻplab, qoʻshni davlatlar orasida eng yuqori natijaga erishdi.

    Ushbu reytingda yaqin qoʻshnilarimiz — Qozogʻiston — 76-, Qirgʻiziston — 99-, ­Tojikiston — 103-oʻrinni egalladi.

    Qolaversa, oʻtgan yilning mart oyida ­Oʻzbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” reytingida 100 balldan 82,5 ball toʻplab, gender tengligini taʼminlash borasida eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi.

    Bu natijalar mamlakatimizda xotin-­qizlar huquq va manfaatlari taʼminlanayotgani, jamiyatda munosib oʻrin egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning yuksak eʼtirofi, desak aslo adashmagan boʻlamiz.

    Qolaversa, dunyoda kechayotgan ogʻir geosiyosiy oʻzgarishlar, iqtisodiy va maʼnaviy inqirozlar fonida gender tengligini taʼminlash va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash kabi ijtimoiy masalalar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanishi katta jasorat va masʼuliyat talab etadi.

    Yaqin oʻtmishimizda ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki hisobot uchungina taʼminlangan davrlarni ham koʻrdik. Biroq bugungi Oʻzbekistonda ayollar nafaqat parlamentda, balki davlat boshqaruvi, mahalliy hokimiyat, sud va huquqni muhofaza qilish organlari, iqtisodiy siyosat yuritish jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda.

    Hozirda Oliy Majlis yuqori palatasida senatorlarimizning 26,4 foizi xotin-qizlardir. Qonunchilik palatasiga yangidan saylangan deputatlarning esa 38 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu ayollar endi qonunlarni ijro etuvchigina emas, balki ularni shakllantirishda ham faol ishtirok etayotgan yetakchi kuchga aylanayotganidan darak beradi.

    Davlat boshqaruvida ayollar ishtiroki ortib, vazirliklar, banklar, ilmiy va taʼlim muassasalari, yirik sanoat korxonalari ular rahbarligi ostida ishlamoqda. Yuksak davlat lavozimlaridagi xotin-qizlar nafaqat shaxsiy muvaffaqiyati, balki ming­lab ayollar hayotini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshyapti.

    Biroq oldimizda hal etilishi kerak boʻlgan masalalar ham anchagina. Xususan, bilimsizlik va oʻz huquqlarini yetarli darajada talab qila olmaslik opa-singillarimizni qiynab kelayotgan koʻplab muammolarga sabab boʻlayotir. Afsuski, jamiyatimizda oilaviy ajrimlar, kelishmovchiliklar tufayli uy-joysiz qolgan, hatto bolalari taʼminoti uchun moddiy daʼvo qoʻya olmayotgan ayollarni ham uchratish mumkin. Xotin-qizlarimiz jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topishi, eng avvalo, ota-onalar munosabati va oliy taʼlim imkoniyatlaridan keng foydalanish bilan bogʻliq.

    Muhtaram Prezidentimiz oʻtgan yili yurtimiz xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan qutlar ekan, “Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi”, degan edi.

    Haqiqatan, taʼlim — ayol uchun hayot yoʻli, erkinlik kaliti, taraqqiyot poydevori. Bir paytlar maktabni bitirgan qizlarimiz koʻpincha oʻqishini davom ettira olmagan boʻlsa, joriy oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,2 foizni tashkil qilmoqda. Vaholanki, bir necha yil avval bu koʻrsatkich atigi 20-30 foiz atrofida edi.

    Shu oʻrinda bir haqiqatni unutmaslik kerakki, xalqimiz azal-azaldan ayolni ona, tarbiyachi, millat tayanchi sifatida ulugʻlab kelgan. Shu bois, maʼrifatparvar bobolarimiz “Onani oʻqitsak, millatni oʻqitgan boʻlamiz”, deya xotin-qizlarni bilimli qilishga intilgan. Tarix guvoh: har qanday qaltis davrlarda ham millatparvar ziyolilarimiz ayollar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratgan. Bunga oʻzbek qizlarining bir guruhi XX asr boshlarida vatanparvar ziyolilar homiyligida Germaniyaga oʻqishga yuborilgani yorqin misol boʻla oladi. Shu bilan birga, Toʻmaris, Saroy Mulk xonim (Bibixonim), Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Mumtoz ­Mahalbegim, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin kabi yuzlab maʼrifatparvar ajdodlarimiz hayoti bugun ham biz uchun ibrat boʻlib kelmoqda.

    Bugun yurtimizning hatto qishloq hududlarida ham qizlar uchun oliy taʼlim olish imkoniyati yaratildi. 7 yil muddatga 14 foiz­li taʼlim kreditlari joriy etilgani, magistraturada oʻqishga kirgan ayollarning shartnoma toʻlovlari davlat tomonidan qop­lab berilayotgani, shuningdek, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun maxsus grantlar ajratilayotgani minglab yoshlarning ezgu orzu-­umidlarini roʻyobga chiqarmoqda.

    Xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi oliy taʼlim olish kabi dolzarb ­masalalardan biridir. Shu bois, soʻnggi ­yillarda 205 mingdan ortiq ayol oʻz biznesini yoʻlga qoʻydi. Davlat tomonidan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida 3 yil muddatga 14 foizli imtiyozli kreditlar ajratildi, davlat grantlari, subsidiyalar va biznes das­turlari joriy etildi, hunarmandchilik va tadbirkorlik kurslari tashkil etildi.

    Shuningdek, “Ayollar daftari” tizimi orqali minglab xotin-qizlar tadbirkorlikka yoʻnaltirildi. Ishbilarmon ayollar oʻz hayotini yaxshilabgina qolmay, jamiyat taraqqiyotiga ham munosib hissa qoʻshmoqda.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila instituti va gender tenglik masalalarini davlat siyosati darajasiga koʻtarishga qaratilgan salmoqli islohotlar amalga oshirildi. Shu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biri — ­Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha Respub­lika komissiyasining tashkil etilishi boʻldi.

    Ushbu komissiya xotin-qizlar masalalari bilan shugʻullanuvchi parlament va hukumat huzuridagi takrorlanuvchi kengashlarni birlashtirib, yagona yondashuv asosida faoliyat yuritishga yoʻnaltirdi. Uning tarkibiga parlament aʼzolari, hukumat vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda hududiy hokimliklar vakillari kiritildi.

    Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri — mahallalarda xotin-qizlar faoliyatini samarali tashkil etish va mazkur yoʻnalishda namunaviy tizim yaratish. Bu borada bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, ayollarning jamiyatdagi faolligini qoʻllab-quvvatlovchi tizimli dasturlar ishlab chiqildi.

    Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” dasturi joriy etildi. Shuning­dek, BMTning “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini amalga oshirish boʻyicha 2022-2025-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, huquqiy baza mustahkamlandi. Bu boradagi muhim qadamlardan biri — 2023-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qonun boʻldi.

    Ushbu hujjat jinsiy zoʻravonlik va oila­viy tazyiqlarga qarshi keskin choralarni nazarda tutib, qonunchilikdagi mavjud boʻshliqlarni bartaraf etdi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga yengillik berish imkoniyati butunlay bekor qilindi.

    Bu tashabbuslar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib, jamiyatda adolat va xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

    Jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar bu oʻzgarishlarni ijobiy baholadi. ­Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-­harakatlar, ayniqsa, xalqaro miqyosda eʼtirof etilib, Pekin deklara­siyasi va ­Xotin-qizlar huquqlarini kamsitilishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya kabi xalqaro majburiyatlarga muvofiq ekani taʼkidlandi. Bu oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekistonda gender tengligi va ayollar huquqlarini himoya qilish ­borasidagi ­tizimli islohotlar samarasi sifatida baholanmoqda.

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy vositalar orqali ham taʼminlanmoqda. 2024-2025-yillarda 580 ming nafar ayolni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Bu maqsadda 3 trillion 128 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasi ishga tushirildi.

    “Ayollar daftari” tizimi orqali 548,8 ming xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, “Hamroh” dasturi doirasida tadbirkor ayollarga moliyaviy koʻmak berish mexanizmi joriy etildi va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda grantlar jalb qilinmoqda.

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash va oila institutini mustahkamlash mamlakat ijtimoiy rivojlanishining ajralmas qismiga aylandi. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan qonunlar va ishlab chiqilgan dasturlar ayollarning hayotdagi mavqeini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

    Hukumat tomonidan belgilangan izchil siyosat natijasida Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlari kengayib, ijtimoiy barqarorlik yanada mustahkamlanyapti. Bu saʼy-harakatlar nafaqat jamiyatda teng­likni taʼminlash, balki kelajak avlod uchun kuchli va barqaror asos yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashab­busi bilan ishlab chiqilgan “Ayollar daftari” tizimi va gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar ayollar turmush farovonligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylandi.

    Mazkur yoʻnalishda 2024-yili amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, 2025-yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Endilikda nafaqat ijtimoiy himoya, balki ayollarning iqtisodiy faolligi, taʼlim va davlat boshqaruvidagi ishtiroki ham eʼtibor markazida boʻladi.

    Darhaqiqat, 2020-yildan buyon amalga oshirilayotgan dunyoda muqobili yoʻq “Ayollar daftari” tizimi davlat va jamiyat hamkorligida ehtiyojmand xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmiga asos soldi. 2020-2024-yillar davomida 3,5 million xotin-qizga moddiy, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatildi.

    Oʻtgan yili 549 ming xotin-qiz ish bilan taʼminlandi; 36 ming ayol tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun 362 milliard soʻm kredit oldi; 161 ming boquvchisini yoʻqotgan ayolga moddiy yordam koʻrsatildi; 6 ming xotin-qizning uy-joy sharoitlari yaxshilandi; 211 ming ayol va ularning 49 ming nafar farzandi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bu tizim jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy baholandi.

    2025-yildan “Ayollar daftari” yangi bosqichga koʻtariladi. Endilikda ayollarning ehtiyojlarini aniqlashda “mahalla yettiligi” yetakchi rol oʻynaydi. Bu yil xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 580 ming xotin-qizni ish bilan taʼminlash, 134,4 ming ayolni tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, 2,3 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratish, “Loyihalar fabrikasi” platformasi orqali 250 ta tadbirkorlik yoʻnalishida onlayn oʻquv dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, kasb-hunarga oʻqitishda davlat va xususiy sektor hamkorligi mus­tahkamlanmoqda. 2025-yilda 139,3 ming ­xotin-qiz kasb-hunarga, 96,6 ming nafari esa ish bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi.

    Xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlariga tayyorgarligi va taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2024-yilda “Rahbar ayollar maktabi” dasturi orqali 100 nafar xotin-qiz oʻqitildi, 388 nafar talabaning kontrakt toʻlovlari davlat tomonidan qoplab berildi, 150 xotin-qizning farzandi uchun grant ajratildi.

    Oʻzbekistonda xotin-qizlarning ijti­moiy, iqtisodiy va siyosiy hayotdagi ishtiroki yangi bosqichga chiqmoqda. Ehtiyojmand xotin-qizlar bu yil ham “Ayollar daftari” tizimi orqali manzilli yordam olishda davom etadi. Biroq bu tizimning asosiy maqsadi — ularni kasb-hunarga oʻrgatib, moliyaviy mus­taqillikka erishishini taʼminlashdan iborat boʻladi. Davlatimiz rahbari belgilagan maqsadlar doirasida 2025-yilda 1 milliondan ortiq xotin-qiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish rejalashtirilgan.

    Xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va taʼlim sohalaridagi ishtiroki kuchaygan sari, Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish yoʻlidagi qadamlari ham yanada mustahkamlanib boradi. Bu nafaqat ayollar, balki butun jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Demak, bu yilgi 8-mart bayramiga aziz xotin-qizlarimiz uchun nafaqat gullar, balki yangi imkoniyat va kelajakka umid ham taqdim etilyapti.

    Bu yoʻnalishda olib borilayotgan izchil islohotlar, shubhasiz, Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini yaratishga xizmat qiladi.

    Tanzila NORBOYEVA,

    Oliy Majlis Senati Raisi,

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish,

    gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika

    komissiyasi raisi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech