Genetika va seleksiya yutuqlari

    Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida qishloq xo'jaligi va uning etakchi tarmoqlaridan biri hisoblangan paxtachilikning o'rni beqiyos. Ushbu sohada rivojlanishning istiqboli ko'p jihatdan g'o'za genetikasi, seleksiyasi va urug'chiligida erishilgan fan yutuqlariga bog'liq.

    Hozirgi kundagi dolzarb masala seleksion tarmoqning urugʻchilikka boʻlgan munosabati va uning eng zamonaviy uslublarini qoʻllash yoʻli bilan intensiv xususiyatli navlar yaratishning vujudga kelgan yaxlit tizimini izchil takomillashtirib borishdir.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Kleystogam genetikasi laboratoriyasida davom ettirilayotgan xazmogam (ochiq) va kleystogam (yopiq) gul belgilari genetikasi, seleksiyasi va urugʻchilik ishlari noanʼanaviy usullarga asoslangan, mutlaq yangi yoʻnalishga qaratilgan boʻlib, muayyan genetik qonuniyatlar mexanizmi yaratilishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu ijodiy mexanizm bu boradagi yoʻnalishning fanda maʼlum boʻlmagan jihatlarini aniqlab, genetik qonuniyatlar mexanizmini amaliy seleksiyada qoʻllash yoʻli bilan intensiv xususiyatli navlar yaratishning mukammal holatdagi oddiy, ammo barqaror genetik usullari ishlab chiqilishiga olib keldi. Shu tariqa genetik taraqqiyotning mahsuli sifatida gul belgilariga asoslangan yangi seleksion yoʻnalishning poydevori sifatida fanda genetik yoʻnalishning barqaror holati bilan bogʻliq boʻlgan, yopiq gul belgisiga ega ingichka va oʻrta tolali navlar turiga mansub tizmalar — genkolleksiyalarga asos solindi.

    Ulardan chatishtirish yoʻli bilan ochiq va yopiq gulli, intensiv xususiyatli oilalarni ajratib olish imkoniyati yuzaga keldi. Ajratib olingan ushbu oilalar va tizmalardan qisqa vaqt ichida gʻoʻzaning yopiq gul xususiyatiga ega boʻlgan, tezpishar, serhosil, bargi tabiiy toʻkiladigan ingichka tolalilarga mansub, jahonda oʻxshashi yoʻq “Ijod”, “Navo” va “Kleystogam-1” navlari yaratildi.

    Tur doirasidagi asosiy biologik jarayonlarni amalga oshiruvchi ochiq gul belgisi oʻrta tolali paxtachilik bilan shugʻullanuvchi mamlakatlar tadqiqotlarida muhim oʻrin tutadi. Demak, bu belgi ochiq gulli genetik holatlar uchun barqaror xususiyatga ega boʻlib, jahon paxtachiligining asosini tashkil etadi.

    Biroq ochiq gullilar oʻz mohiyati jihatidan chetdan changlanish xususiyatiga ega. Bu holat irsiy oʻzgaruvchanlik qatorida sodir boʻlgani tufayli ularning navdorlik darajasiga chetdan changlanish hisobida putur yetkazuvchi genlar faoliyatiga bogʻliq boʻladi. Bu esa, tanlash jarayonida irsiy oʻzgaruvchanlik tufayli sodir boʻladigan biologik ifloslanishga olib keladi. Biologik ifloslanish jarayoni sodir boʻlmasligiga, oʻsimliklarni sof holda saqlashga mutlaq yangi uslublarni qoʻllash asosida ularni chegaralash (oʻz-oʻzini changlash) yoʻli bilan erishish mumkin.

    Eslatib oʻtish joizki, chatishtirishlar asosidagi ochiq gul belgisi genetik nishonli boʻlib, yopiq gul belgisini birinchi avlodda yuzaga chiqarmaydi, yaʼni barqaror xususiyatga ega boʻladi.

    Ochiq gul belgisi irsiyat va oʻzgaruvchanlik tufayli chetdan changlanish hisobiga oʻsimlikni yangi belgi va xususiyatlar bilan toʻldirsa (navning soflik darajasiga putur yetkazadi va ifloslanishiga olib keladi), yopiq (kleystogam) gul belgisi irsiyatning mavjud asosini bir xil genetik holatda saqlash imkoniyatini beradi. Demak, genetik va seleksion muammolarni oʻrganishda ochiq va yopiq gul belgilarini, avvalo, ularning genetikasini oʻrganish yoʻli bilan amaliy seleksiyaga qoʻllash orqali bir qator muammolarni ijobiy hal qilishning moddiy asosi yaratilib, nusxalar, tizmalar, genkolleksiyalar va intensiv xususiyatli navlar hosil qilishga asos boʻladi. Tadqiqotlar natijasida yaratilgan gʻoʻzaning “Yuksalish” navining qimmatli xoʻjalik belgilari shuki, uning tola chiqimi 44,5-45,5 foiz, tola uzunligi 35-36 mm, solishtirma hosildorligi gektaridan 42-45 sentnerni tashkil etadi.

    Xulosa oʻrnida aytish joizki, olimlarimiz zimmasida, avvalo, xalqimiz manfaati hamda dunyo bozori talablariga javob beradigan gʻoʻza navlarini yaratish va ularni amaliyotga toʻliq joriy etishdek ulkan vazifa turibdi. Bunda “Urugʻchilik qonuniyatlari toʻgʻrisida”gi va “Seleksiya jarayonining yutuqlari toʻgʻrisida”gi qonunlar dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda.

    Tilov MUHIDDINOV,

    genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti

    laboratoriya mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori