O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari, shuningdek, mahalliy tadbirkorlardan iborat o'zbekistonlik mutaxassislar guruhi Gruziyada bo'lib, geografik ko'rsatkichlar (GK) tizimini yaratish va joriy etish bo'yicha ushbu mamlakatning ilg'or tajribasini o'rgandi. O'quv tashrifi FAO va Gruziyaning Qishloq taraqqiyoti va qishloq xo'jaligi siyosati instituti ko'magida tashkil etildi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari geografik ko'rsatkichlardan foydalanish qanday qilib sifatni kafolatlashi va mijozlar ishonchini qozonish bilan bir vaqtda mahalliy bozorni kengaytirish va eksport hajmini oshirishga hissa qo'shishi haqida ma'lumotlar oldilar.

Tashrif davomida Gruziyaning "Akhalkalaki Potato" (Axalkalaki kartoshkasi) uyushmasida ham uchrashuv bo'lib o'tdi. Axalkalaki munitsipaliteti o'zining yuqori sifatli va maxsus ta'mga ega kartoshkalari bilan mashhur. Axalkalaki kartoshkasining geografik ko'rsatkichlarini ro'yxatdan o'tkazish zarurati munitsipalitetdan tashqarida ko'plab ishlab chiqaruvchilar yuqori daromad olish uchun Axalkalaki brendi ostida oddiy kartoshka sotganligi sababli paydo bo'lgan.

Kaxetiya viloyatida O'zbekiston delegatsiyasi Kurdgelauri qishlog'ida joylashgan pishloq zavodida ham bo'lib, Gruziyaning mashhur suluguni pishlog'ini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Kvareli qishlog'idagi Kindzmarauli korporatsiyasining vino zavodiga tashrif davomida o'zbekistonlik mutaxassislar vino ishlab chiqarishning turli bosqichlari, jumladan, an'anaviy “kvevri” sopol idishlarida vinoni fermentatsiyalash, saqlash jarayonlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Korporatsiya direktori o'zbekistonlik hamkasblariga geografik ko'rsatkichlardan foydalanish vino savdosi sifati va hajmiga qanday ijobiy ta'sir ko'rsatganini aytib berdi.

— Gruziyada geografik ko'rsatkichlarning barqaror tizimini shakllantirish bosqichidagi eng qiyin vazifalardan biri bu buyurtmachilar tomonidan ishlab chiqilgan spetsifikatsiyalar talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifatini nazorat qilishni tashkil etish edi, bu bizning bo'limimiz uchun hali ham ustuvor vazifadir, — dedi Sakpatenti rahbari Mannana Pruidze uchrashuv davomida. — Bizning qonunchiligimizda davlat organlariga davlat korxonalarini ro'yxatdan o'tkazish uchun ariza berish imkoniyati qoldirilgan, shu bilan birgalikda, bu jarayonda qishloq xo'jaligi va sanoat birlashmalarining rolini oshirish kerak, bu o'z navbatida hududiy rivojlanishga hissa qo'shadi.

Xorijda geografik ko'rsatkichlarni qo'llash bo'yicha muvaffaqiyatli amaliyot bilan yaqindan tanishgan o'zbekistonlik mutaxassislar endilikda to'plangan bilim va tajribalarini eksportni rivojlantirish va qishloq taraqqiyoti barqarorligini oshirishning samarali vositasi sifatida O'zbekistonda geografik ko'rsatkichlar tizimini yanada targ'ib etishda foydalanish niyatida.

Ma'lumot uchun, hozirda Gruziyada 36 ta tovar kelib chiqqan joy nomi va 24 ta geografik ko'rsatkich ro'yxatga olingan bo'lib, 100 dan ortiq mahsulot kelajakda geografik ko'rsatkichlarga ega bo'lish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, Gruziya chet elda geografik ko'rsatkichlarga ega bo'lgan Gruziya mahsulotlarini himoya qilishni ta'minlash uchun turli xalqaro va ikki tomonlama shartnomalar tuzdi, jumladan, Parij konventsiyasi, Lissabon kelishuvi, Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to'g'risidagi bitim va boshqalar.