Prezidentimizning 2020-yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qashqadaryo viloyati hududida uglevodorod xomashyo zahiralarini koʻpaytirish boʻyicha bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash mavsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻi bilan geologiya-qidiruv ishlari jadal olib borilmoqda.

2020-yil 25-28-noyabr kunlari geologiya-qidiruv ishlarining 2020-yil kuzgi muhokamasida “Oʻzbekneftgaz” AJ va Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda neftgazga istiqbolli maydonlar boʻyicha mavjud geologik-geofizik va ilmiy-tadqiqot maʼlumotlari chuqur tahlil etildi. Natijada 2020-2021-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ mablagʻlari hisobidan izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilash ishlarini olib borish maqsadida bir qancha neftgazga istiqbolli maydonlar aniqlandi va roʻyxati shakllantirildi. Ushbu maydonlardan 15 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-aprelidagi 139-Gʻ sonli hamda qoʻshimcha 10 tasi 2021-yilning 16-oktyabrdagi 635-Gʻ sonli farmoyishi asosida “Oʻzbekneftgaz” AJ berilishi belgilab qoʻyildi.

Berilgan maydonlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-apreldagi 265-sonli qarori bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ ga ajratilgan maydonlar bilan birgalikda 2021-yilda geologiya-qidiruv ishlari doirasida jami 19 ta yangi maydonlarni burgʻilashga kiritish rejalashtirilgan edi. Amalda 11 oy mobaynida 21 ta maydon burgʻilashga kiritildi, yaʼni yillik reja 110,5% ga bajarildi.

Bugungi kunda 21 ta istiqbolli maydonning dastlabki izlov quduqlarida burgʻilash ishlari boshlab yuborildi. Shulardan “El-Omon” va “Shorqala” maydonlaridagi birinchi izlov quduqlari noyabr oyida burgʻilashga kiritildi. Jumladan burgʻilashga kiritilgan maydonlarning 8 tasi (“Razzoqbobo”, “Chorbogʻ”, “Ijobat”, “Butalabuloq”, “Niyoz”, “Yettiquduq”, “Istiqbol” va “Oydin” (ter. yura)) Qashqadaryo viloyati hududiga toʻgʻri keladi.

“Shorqala” maydoni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida, “Xodjiqazgʻan” konining janubiy tomonida joylashgan. 2020-yilda “2D” seysmik qidiruv ishlari natijasida tayyorlangan. Ushbu maydon asosan yura davri qatlamlari boʻyicha istiqbolli deb baholanmoqda. “Shorqala” maydoni tabiiy gaz boʻyicha istiqbolli resurslaga egadir. Maydonning loyihaviy chuqurligi 2400 metrni tashkil etadi. Maydonda burgʻilash ishlari 2021-yil 26-oktyabr oyida boshlandi va hozirda burgʻilash ishlari 1197 metr chuqurlikda boʻr yotqiziqlarida davom ettirilmoqda.

“El-Omon” maydoni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida, “Andakli” konining janubi va “Shortak” konining janubi-sharqiy tomonida joylashgan. 2019-yilda “3D” seysmik qidiruv ishlari natijasida tayyorlangan. Ushbu maydon asosan yura davri qatlamlari boʻyicha istiqbolli deb baholanmoqda va eʼtiborli tabiiy gaz resurslariga ega. Maydonning loyihaviy chuqurligi 2850 metrni tashkil etadi.

Maydonda burgʻilash ishlari 2021-yil 12-noyabrda boshlangan va hozirda burgʻilash ishlari 1112 metr chuqurlikda boʻr yotqiziqlarida davom ettirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-aprelidagi 139-Gʻ sonli hamda qoʻshimcha 2021-yilning 16-oktyabrdagi 635-Gʻ sonli farmoyishi asosida Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan tayyorlanib, “Oʻzbekneftgaz” AJga taqdim etilgan va 2021-yil boshidan burgʻilashga kiritilgan istiqbolli tuzulmalardan “Razzoqbobo”, “Ijobat” va “Chetqum” maydonlari oʻtkazilgan sinash ishlari natijasida yangi gaz kondensat konlarini ochilishiga erishildi.

Joriy yil yakuniga qadar, ushbu konlarda “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish dasturi doirasida navbatdagi izlov quduqlarida burgʻilash ishlarini olib borilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJning “2022-yilga moʻljallangan uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish Dasturi” doirasida jami 20 ta istiqbolli maydonlarni burgʻilashga kiritish koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda 21 ta yangi maydonlarda ishlar davom ettirilmoqda. Ushbu maydonlr 2022-yilda geologiya-kidiruv ishlari dasturining bajarilishiga, xususan yangi tabiiy gaz va neft konlarining ochilishiga hamda Respublikada uglevodorod zaxiralarining koʻpaytirilishiga,tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarining oshirilishiga zamin yaratadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati