“Südthüringer Zeitung” – Tyuringiya federal oʻlkasining mintaqaviy kundalik gazetasi. Nashr sahifalarida tahliliy materiallar, maqolalar, reportajlar, taniqli siyosatchi va tadbirkorlarning intervyulari chop etiladi.
Nashrning qayd etishicha, Vernau shahridagi taʼlim sohasiga ixtisoslashgan kompaniya Oʻzbekistonni oʻzi uchun kashf etmoqda. Shu oʻrinda, mamlakat aholi oʻsish jarayonida ekaniga eʼtibor qaratilgan.
“Oʻzbekistonlik Alisher Eshonov va Xongeldi Ibragimov Shtaynbax-Hallenberg shahridagi “Hehnke GmbH” kompaniyasida amaliyot oʻtashga qaror qildi, - deyiladi maqolada. – Koʻp yillar davomida Janubiy Tyuringiyada chet eldan malakali ishchilarni jalb qilish boʻyicha turli loyihalar mavjud. Bu jarayonda doimo til bilish bilan bogʻliq toʻsiqqa duch kelinadi, baʼzida rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish uchun yetarlicha yoshlarni topish qiyin kechadi. Endilikda “Hehnke GmbH” kompaniyasi yangi yondashuvdan foydalanmoqda”.
“Oʻzbekiston yoshlari juda mehnasevar, ilmga chanqoq, yangi bilimlarni tez oʻzlashtirishga harakat qiladi, - deydi “Hehnke GmbH” direktori Roymshyussel. – Biz ularni oʻqitishimiz va malakali mutaxassislar qilib tayyorlashimiz kerak”.
Bu nafaqat vazifa, balki imkoniyat hamdir. Maqsad - avvalgi dasturlarning kamchiliklaridan xulosa chiqarish. Nomzodlar bilan batafsil suhbatlar oʻtkaziladi, ammo muloqotdan soʻng ham yoshlar yolgʻiz qolmaydi. Germaniyada oʻqish paytida ham ularga hamrohlik qilishda davom etiladi, dyeyiladi maqolada.
“Oʻzbekistonning yangi rahbariyati ham bunday hamkorlikdan manfaatdor. Mamlakat bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu esa hamkorlikka “yashil chiroq” berildi deganidir”, - deya xulosa qiladi “Südthüringer Zeitung”.