Germaniya turistik assotsiatsiyasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi

    Turizm 13 Mart 2023 1325

    Madaniyat va turizm vaziri birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov, Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) prezidenti Norbert Fibig, boshqaruvchi direktori Dirk Inger, siyosiy ishlar va tashqi sayohatlar boʻlimi boshligʻi Volker Adams va tadbirlar rahbari Verena Grobjohann oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv Berlin shahrining “Messe Berlin” yirik koʻrgazma majmuasida, “ITB-Berlin” turistik yarmarkasi doirasida tashkil etildi.

    Shu bilan birga, Germaniya turizm industriyasi aylanmasining qariyb 90 foizini birlashtirgan DRV bilan hamkorlikda 2023-yil 11–17-may kunlari boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan Destination Forum” loyihasiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan mazkur loyiha tafsilotlari muhokama etildi.

    Maʼlumot uchun: “Uzbekistan Destination Forum” loyihasida Oʻzbekistonda Germaniya, Avstriya va Shveysariyaning yirik sayyohlik tashkilotlari va turoperatorlari (umumiy 50 nafar) hamda mahalliy turistik operatorlar, mehmonxona va aviakompaniyalar oʻrtasida “B2B” uchrashuvlar, seminar va muzokaralarni tashkil etish koʻzda tutilgan. Maqsad germaniyalik sayyohlar oqimini mamlakatimizga yoʻnaltirishdir.

    DRV prezidenti Oʻzbekiston va Germaniya hukumatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona aloqalar hamda turizm sohasidagi ulkan salohiyatimizni inobatga olib, mazkur loyihani tashkil etishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.

    Shuningdek, DRV imkoniyatlaridan foydalangan holda Germaniya boʻylab Oʻzbekistonni keng targʻib etish, marketing tadqiqotlarini oʻtkazish va yevropalik sayyohlar uchun yangi turistik yoʻnalishlarni yaratish hamda mamlakatimizni eng yaxshi yoʻnalish sifatida ochib beruvchi PR kampaniyasini tashkil etish rejalashtirilganligini taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakuniga koʻra, Madaniyat va turizm vazirligi va DRV assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi turizm va madaniy meros vazirligi.