Koʻhna qitʼaning 20 dan oshiq davlatidan polvonlar ishtirok etgan ushbu musobaqada erkaklar +81 kilogramm vazn toifasida, ayollar +63 kilogrammda umumiy mukofot jamgʻarmasi 10 ming yevro boʻlgan turnir gʻolibligi uchun kurash olib bordi.

Azaliy qadriyatlarimiz targʻiboti, milliy sportimiz kurashning xalqaro rivoji yoʻlida muhim sport tadbiri boʻlgan ushbu musobaqaning tantanali ochilish marosimida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, Oʻzbekiston va Germaniya kurash federatsiyasi vakillari, Germaniyada faoliyat yuritayotgan bir qator davlatlarning diplomatik korpus vakillari ishtirok etib, Oʻzbek sportining jozibasidan, kurash usullaridan bahra olishdi, sportchilarga murosasiz bellashuvlarda omad tilashdi.

Nufuzli turnirda kurash Vatani boʻlgan Oʻzbekiston polvonlari bellashuvlar yakunida sovrinli oʻrinlar bilan kifoyalanganligi Yevropada ham Oʻzbek sporti – kurash hadisini olgan sportchilar soni ortib borayotganligini koʻrsatdi.

- Kurash boʻyicha xorijiy mamlakatlarda oʻtadigan har bir turnir bu, milliy sportimiz, u orqali anʼana va qadriyatlarimizning targʻibotida, ommaviylashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Germaniyada tashkil etilgan musobaqa jarayonida bir qator uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirildi, hakam va murabbiylar uchun seminar tashkil qilindi. Yuzdan oshiq yoshlarga kurash boʻyicha master-klasslar koʻrsatildi, - deydi Oʻzbekiston kurash federatsiyasi mutaxassisi Sirojiddin Choriyev.

Bevosita bellashuvlar haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, +63 kilogrammli polvon qizlar bahsida polshalik Sandra Liskin saralashlarda raqiblarini magʻlub etgan holda yarim finalda hamyurtimiz Gulasal Haydarovani yengib, finalga yoʻl oldi. Ikkinchi yarim finalda esa Latviya vakilasi Gedutite Zubavi Siyene ruminiyalik Lorena Podleniskiyni magʻlub etib, ushbu vaznda oltin medalga asosiy daʼvogar ekanligini koʻrsatdi. Biroq, final kurashida polshalik sportchi qiz raqibasiga imkon qoldirmadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qizlar oʻrtasidagi bosh sovriniga ega chiqdi.

Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi musobaqada Serbiya, Slovakiya, Germaniya va mamlakatimiz kurashchilari yarim final ostonasigacha yetib keldi. Hal qiluvchi kurash serbiyalik Aleksandr Kolobik va hamyurtimiz Shohrux Usmonov oʻrtasida oʻtdi. Teng kurashlar ostidagi bahsda omad Serbiya polvoni Kolobikka kulib boqdi va u erkaklar oʻrtasida musobaqaning bosh sovriniga ega chiqdi.

Oʻz vaznlarida 1-oʻrinni egallagan sportchilar 2500, 2-oʻrin sohiblari 1500 va 3-oʻrindan joy olgan kurashchilar 500 yevro miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Natijalar esa qoʻyidagicha:

Ayollar +63kg

1. Liskin Sandra (Polsha)
2. Gedutite Zubavi Siyene (Latviya)
3. Lorena Podleniskiy (Ruminiya)
3.Haydarova Gulasal (Oʻzbekiston)

+81 kg (erkaklar)

1. Kolobik Aleksandra (Serbiya)
2. Usmonov Shohruh (Oʻzbekiston)
3. Jonata Martin (Slovakiya)
3. Goldhammer Jan Niklos (Germaniya)