Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

    Hukumat 3 Noyabr 2020 2845

    Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

    Gidrometeorologiya xizmati qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Lekin yillar davomida eʼtibor berilmagani oqibatida Oʻzbekistonda bu yoʻnalish zamondan orqada qolib ketgan. Aerologik kuzatuv 1995-yildan buyon oʻtkazilmaydi. Bu esa ob-havo haqidagi maʼlumotlarning ishonchliligini pasaytiradi. Xalqaro standart boʻyicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya boʻlishi zarur, amalda esa 335 ta bor, xolos.

    Gidrometeorologiya xizmati markazining moddiy-texnik bazasi eskirgan, iqtisodiy rentabelligi ham past. Xususan, markaz oʻtgan 9 oydagi xarajatlarning atigi 6 foizini oʻz daromadidan qoplagan.

    – Gidrometeorologiya xavfsizligimizni taʼminlaydigan muhim sohalardan biri. Bugun eng asosiy vazifa – tizimda xizmat sifatini oʻzgartirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yigʻilishda sohada xizmat koʻrsatishni bosqichma-bosqich tijoratlashtirish yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

    Bugungi kunda meteorologik maʼlumotlar 35 ta idoraga, jumladan, 20 ga yaqin tijorat tashkilotiga bepul berilmoqda. Xizmat narxlari xarajatga nisbatan kam boʻlib, 15 yildan buyon koʻrib chiqilmagan.

    Davlatimiz rahbari ushbu narxlarni qayta koʻrib chiqish va pulli xizmatlar qamrovini kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

    Bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻp. Masalan, kelgusi yili davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida bittadan qoʻyosh elektr stansiyasi, 2022-yilda uchta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi barpo etiladi. Ularda ishlab chiqarish hajmini rejalashtirish uchun meteorologiya xizmatlariga zarurat bor.

    Shuningdek, ob-havoni prognoz qiluvchi internet platformalar, klasterlar va xorijiy ilmiy muassasalarga pulli xizmatlar koʻrsatish mumkin.

    Gidrometeorologiya markazida 100-yillik maʼlumotlar saqlanmoqda. Ular qogʻoz shaklida boʻlib, 18 million varaqdan iborat. Ushbu maʼlumotlarni toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.

    Yigʻilishda meteorologiya xizmatining moddiy-texnik taʼminotidagi kamchiliklar atroflicha koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, 70 ta stansiyaning atigi 14 tasi avtomatlashgan. Ob-havo prognozi oʻn yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida tayyorlanmoqda. Oqibatda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi maʼlumotlar kechikmoqda. Toshkent, Samarqand va Nukusdagi 3 ta meteorologik lokator maʼlumotlari yetarli boʻlmayapti.

    Shu bois kelgusi yillarda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida lokatorlar oʻrnatish, barcha stansiyalarni avtomatlashtirish, yangi stansiya va postlar qurish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bular natijasida meteorologiya xizmatining sifati va tezligi ancha oshadi.

    Oʻzgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari bu maqomni saqlab qolish muhimligini taʼkidlab, 2022-yilda Samarqandda zaxira maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va saqlash boʻyicha mintaqaviy xab tashkil qilishga koʻrsatma berdi.

    Meteorologiya maʼlumotlari qishloq xoʻjaligida samaradorlikni taʼminlaydigan muhim omillardan biri. Chet elda agrar sohadagi korxonalar uchun oʻsimlik namligi, yomgʻir miqdori, chuqurlikdagi tuproq haroratini aniqlash kabi 20 dan ortiq xizmat koʻrsatiladi. Yurtimizda bunday xizmatlar atigi 9 xildan iborat. Agrometeorologik xizmatlar 96 ta stansiya va postda olib borilayotgani, ularning soni soʻnggi 10 yilda atigi 5 taga koʻpaygani sababli prognozning ishonchliligi 80-85 foizdan ortmaydi.

    Gidrometeorologiya xizmati markaziga kelgusi yilda har bir viloyatda qoʻshimcha agrometeorologiya postlari tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Jahon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining granti doirasida Jizzax va Qashqadaryoda agrometeorologik stansiya hamda oʻlchov vositalari oʻrnatib, xizmatlar sonini 14 taga yetkazish, keyinchalik buni barcha hududlarda joriy etish muhimligi taʼkidlandi. Fermer xoʻjaligi va klasterlarga onlayn xizmat koʻrsatadigan dasturiy taʼminot ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

    Sohada ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Kelgusi oʻquv yilidan Oʻzbekiston Milliy universitetida gidrometeorologiya fakulteti tashkil etish, Toshkent gidrometeorologiya texnikumida zamonaviy oʻrta boʻgʻin mutaxassislari tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi aytildi.

    Soha xodimlarining oylik maoshini oshirish va uzoq muddatli xizmat uchun ustama toʻlash tizimini joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.