Akademik Komiljon Zufarov faoliyati mobaynida tibbiyotning fundamental asoslari bo'lgan gistologiya, biologiya, radiologiya, tsitologiya, fiziologiya fanlari rivojiga salmoqli hissa qo'shgan. Ushbu fanlar asosida O'zbekistonda morfologlar maktabiga asos solgan va rivojlantirgan olim sifatida tan olingan.
Morfologlar maktabi fundamental tibbiyotdagi yuqori o'rinlardan birida turadi. Ushbu an'anaga olimning shogirdlari sayqal berib, yanada rivojlantirmoqda. Serqirra ustozning ilmiy rahbarligida fundamental va amaliy tibbiyotning zabardast namoyandalari etishib, tibbiy-biologik fanlar rivojiga hissa qo'shib kelmoqda. Akademik J.Hamidov, professorlar N.SHomirzaev, P.Toshxo'jaev, L.el`kind, V.Gontmaxer, B.Hidoyatov, Q.To'xtaev, A.Yo'ldoshev, Q.Rasulov, e.Tursunov shular jumlasidan.
Komiljon Zufarov nafaqat ilm-fanda, balki jamoatchilik faoliyatida ham ilg'orlar safiga kirib ulgurgan. U Toshkent davlat tibbiyot instituti rektorati, yangi bino va klinikalarining barpo etilishiga bosh-qosh bo'lgan. O'zbek entsiklopediyasi nashriga bosh muharrirlik qilgan. O'lka patologiyasi ilmiy-tadqiqot institutini barpo etish va rivojlantirishga hissa qo'shgan. Qator yillar davomida Morfologlar jamiyati rais o'rinbosari hamda Markaziy Osiyo morfologlari koordinatsiya kengashi raisi bo'lgan.
Akademikning ilmiy rahbarligida 50 dan ortiq fan doktori — professorlar, 160 ga yaqin fan nomzodi tayyorlangani, 500 dan ortiq ilmiy ish, jumladan, 3 ta darslik, inson a'zolari va to'qimalarining elektron mikroskopiyasi bo'yicha dunyoda birinchi atlas yaratilgani tahsinga sazovor. Keng fikrlash qobiliyati, fundamental morfologiyada kechayotgan jarayonlarni prognozlash salohiyati olimni ilm vakillari orasida “akademiklar sardori”, “fikrlar generatori” degan taxallus olishiga asos bo'lgan edi.
Akademik Komiljon Zufarov rahbarligidagi morfologlar maktabi olgan ilmiy natijalar asosida hazm jarayoni mexanizmlari to'g'risidagi tasavvur o'zgarib, hujayra ichi hazmining ayrim bosqichlari, vaqt me'yorlari aniqlandi. O'tgan asrning 90-yillarida erta yoshdagi sut emizuvchilar hazm jarayonida buyrakning muayyan darajada ishtirok etishi nafaqat tibbiyot, qolaversa, biologiya fanida katta kashfiyot sifatida tan olingan.
Ustozimizning foniy dunyoni tark etganiga qariyb chorak asr o'tdi. Biroq u tashkil etgan morfologlar maktabi, bitgan darslik va ilmiy asarlari bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. Aksincha, soha mutaxassislari keng foydalanib kelmoqda. SHu bilan etuk malakali shifokorlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
R.DAVRONOV, J.BAHRONOV, SH.DAVRONOVA,
Buxoro davlat tibbiyot instituti o'qituvchilari