Global tashabbuslarning ijrosiga kirishildi

    BMTning 2030 yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini BMTga a'zo ko'plab davlatlar qatori ­O'zbekiston ham ma'qullagan.

    Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so'zlagan nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning o'z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “yo'l xaritasi”ning 1 va 5-bandlari ijrosini ta'minlash bo'yicha idoralararo ishchi guruh yig'ilishi bo'lib o'tdi.

    Unda ishchi guruh a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, BMT ixtisoslashgan tuzilmalarining ­O'zbekistondagi vakolatxonalari vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

    Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari, idoralararo ishchi guruh rahbari S.Safoev va boshqalar ta'kidlaganidek, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so'zlagan nutqida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim tarixiy qadam bo'ldi. Ayni kunlarda ushbu ma'ruzada ilgari surilgan tashabbuslar ko'plab taniqli jamoat arboblari, ekspertlar tomonidan qizg'in muhokama etilmoqda. Bu, avvalo, ilgari surilgan tashabbuslarning har biri nihoyatda chuqur tahlillarga asoslangani va dunyo jamoatchiligini o'ylantirgan muammolar xususida aniq echimlarni qamrab olganidan dalolatdir.

    Yig'ilishda nutqda bayon etilgan barcha tashabbuslar va ilgari surilgan g'oyalar o'z vaqtida, to'liq ijro etilishini ta'minlash maqsadida tasdiqlangan yo'l xaritasida belgilangan vazifalarga alohida to'xtalib o'tildi. Bu yo'nalishda ilgari surilgan tashabbuslardan biri pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish g'oyasidir.

    — Hamon davom etayotgan global pandemiya sharoitida ko'plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch keldik, — dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov. — Bunday holatlarning oldini olish uchun har bir davlat o'z fuqarolari va hamkor davlatlar oldida minimal ixtiyoriy majburiyatlarni qabul qilishi kerak. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining bu g'oyasi o'z vaqtida va uzoqni ko'zlab amalga oshirilgan ezgu tashabbusdir. Ushbu xayrli ishni to'la ro'yobga chiqarish har birimizning zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Ayni paytda ushbu xalqaro kodeks loyihasini ishlab chiqishda muhim yo'nalishlar belgilab olindi.

    eng avvalo, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, ishsizlikning oldini olish, aholi bandligini ta'minlash, mehnat migrantlarining huquq va manfaatini muhofazalash, oziq-ovqat xavfsizligini va ishlab chiqarishda uzluksizlikni ta'minlash, inson huquqlarini himoyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Hozirgi kunda hujjat loyihasini tayyorlash maqsadida ishchi guruh shakllantirildi. Unga tegishli davlat tashkilotlari, nodavlat idoralar, ilmiy tadqiqot muassasalari olimlari va malakali mutaxassislar, xalqaro ekspertlar jalb etilgan. Shu bilan birga, bu yo'nalishda xalqaro tajriba o'rganilyapti.

    Prezidentimiz tashabbuslaridan yana biri BMT Bosh Assam­bleyasining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentning rolini oshirish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishdir. Aytish kerakki, BMTning 2030 yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini BMTga a'zo ko'plab davlatlar qatori ­O'zbekiston ham ma'qullagan. Ushbu yo'nalishda mamlakatimizda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va sog'lig'ini muhofazalash, ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, ekologik muhitni barqarorlashtirish, gender tenglikni ta'minlash yuzasidan muhim loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. Bu ishlarning natijalari xalqaro reytinglarda alohida e'tirof etilayotgani quvonarli. Xususan, BMT tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlarning 2020 yilgi natijalariga ko'ra, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) global reytingida O'zbekiston 71,02 foiz natija bilan 66-o'rinni egalladi.

    Ayni paytda bu yo'nalishdagi chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 2030 yilga qadar kambag'allikni qisqartirish strategiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.

    Davlatimiz BRMga erishish bo'yicha birinchi Ixtiyoriy milliy sharhni keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.

    BRMga erishishni ta'minlashda parlament institutidan foydalanish asosiy instrumentlardan biri hisoblanadi. Zero, parlament xalqning manfaatini, ularning huquq va erkinliklarini ta'minlaydigan oliy organdir.

    — Hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentning rolini oshirish bo'yicha maxsus rezolyutsiya kontseptsiyasining asosiy maqsadi mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va mahalliy hokimiyat vakillik organlarining rolini oshirishdir, — dedi iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari Akmalxon Ortiqov. — Mazkur kontseptsiya loyihasi bir qator muhim yo'nalishlarni qamrab oladi. Jumladan, unda parlament roli va vakolatlarini oshirish, byudjet ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, monitoring va nazorat qilish yo'nalishi, fuqarolar va jamoatchilikni jalb qilish kabi muhim masalalar bor.

    Bu chora-tadbirlar jamiyatda islohotlarni yanada jadallashtirishda parlament rolini kuchaytirish hamda mahalliy hokimiyat organlarining faolligini ta'minlashning samarali mexanizmlarini amaliyotga joriy etishga zamin yaratadi.

    Yig'ilishda idoralararo ishchi guruhlar ish rejasi loyihasi ko'rib chiqildi va muhokamalardan so'ng tasdiqlandi. Kodeks va rezolyutsiya, ularning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi kontseptsiya loyihalarini ishlab chiqish bo'yicha taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, yo'l xaritasining 1 va 5-bandi bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar belgilab olindi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri