Gʻoliblar Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi

    Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblari Buyuk Britaniyaga yo‘l oldi.

    Mamlakatimizda ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishni rivojlantirish, o‘qituvchi va yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dunyo bozorida raqobatbardosh, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlashga zamin yaratdi.

    Joriy yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining dastlabki — tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tgandi. Unda jami 8065 ta maktabning 40325 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. O‘quvchilarning 37075 nafari ingliz, 1800 nafari nemis, 1450 nafari fransuz tili bo‘yicha baholandi. Ishtirokchilarning tinglab tushunish, yozish, gapirish va o‘qish ko‘nikmalari Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment English tashkiloti xalqaro testlari asosida sinovdan o‘tkazildi.

    Tanlovning yakuniy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 14 ta maktabdan 70 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Yunusobod tumanidagi 97-maktab jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Buxoro shahridagi 40-maktab jamoasi ikkinchi va Olmaliq shahridagi 5-maktab jamoasi 3-o‘ringa munosib deb topildi. 3-o‘rin 300 million so‘m, 2-o‘rin esa 400 million so‘m bilan taqdirlandi. 1-o‘rin sohibi bo‘lgan jamoa 500 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritgandi.

    Bugun ana shu tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari, jami 70 nafar o‘quvchi va 14 nafar chet tili o‘qituvchisi Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi.

    Hafta davomida ular ushbu mamlakatning an’analari, madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, talabalar va ularning o‘qituvchilari Angliyaning yetakchi universitetlari — Kembrij va Oksfordga sayohat qilishadi. Shuningdek, hafta davomida tashkillashtirilgan intellektual tadbirlar yoshlarimizni unutilmas taassurotlarga oshno etishi barobarida ularning xorijlik hamkorlar bilan erkin muloqotga kirisha oladigan, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar haqida chet tilida ham o‘z fikrini erkin bayon eta oladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga zamin hozirlaydi.