ASOSIY SABAB NIMADA?
Davlatlarning ijtimoiy xayotida jamoatchilik fikri muhim o'rin tutadi. Ayni vaziyatda ham narx-navoning balandligi em-xashak narxining oshib ketishi, shuningdek, yuqori qatlamning asossiz harakatlariyu quyi qatlam vakillarining “cho'ntagi”ni e'tiborga olmayotgani bilan baholanmoqda. Xo'sh, go'sht narxining keskin ko'tarilishiga qanday omillar sabab bo'lmoqda?
Statistik ma'lumotlariga ko'ra, 2020 yil 1 iyul` holatiga ko'ra, O'zbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etadi. Bu esa 1000 aholi jon boshiga 368 bosh qoramol to'g'ri keladi, degani. O'zbekistonda sanoat yo'li bilan boqiladigan qoramollarning jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan etishtirilmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, go'sht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa, o'z navbatida, em-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab bo'ladi. Xo'sh, chorva mollari uchun berilgan kredit necha foizni tashkil etadi? Bu borada javob olish uchun Hamkorbank mijozlarni qo'llab-quvvatlash xizmati bilan telefon orqali bog'langanimizda chorva mollari uchun yiliga 20 foizlik imtiyozli kredit ajratilayotgani, u ham bo'lsa, to'g'ridan-to'g'ri iste'molchiga emas, balki ta'minotchiga o'tkazib berilishi, hozir esa chorva mollari uchun kredit ajratilmayotgani haqida ma'lumot oldik.
Bundan kelib chiqadiki, chorva mollari bozorda 10 million so'mni tashkil qilsa-yu, ta'minotchiga pul o'tkazish yo'li bilan to'lov qilganingiz uchun chorva mollarining narxi o'z-o'zidan 15-20 millionga aylanib ketishi hech gap emas. Ma'lumotlarga ko'ra, 2020 yil yanvar`–sentyabr` oylarida O'zbekistonda 1840 ming tonna go'sht ishlab chiqarilgan (2019 yilning mos davriga nisbatan 2,2 foiz ko'proq) va 34 ming tonna go'sht import qilingan. Xuddi mana shunday munosabat va izohlarni qator davlat organlari, viloyat hokimliklari ham bera boshladi. Biroq qancha zaxira, qancha mahsulot ishlab chiqarilganidan qat'i nazar, bu boradagi izohlar deyarli eshitilmayapti.
NARXLARGA CHEKLOV QO'YISH ECHIM BO'LA OLADIMI?
Barcha iqtisodchilarning fikricha, narxlarni nazorat qilish, umuman, barcha mahsulot turlariga nisbatan ham maqbul echim bo'la olmaydi. Narxni sharoitdan kelib chiqib bozor belgilashi kerak. YAxshi va sifatli mahsulot xohlagan xaridor rasta ostidan baribir o'sha qimmat narxni to'laydi. Bunday oldi-sotdini cho'ntagi ko'tarmaydiganlar esa sifatsiz mahsulot bilan chorasiz qoladi. Bundan bir-ikki yil avval xuddi shunday go'sht narxi qimmatlashuvi va narxlarga cheklov o'rnatilishi ortidan bozorga eshak go'shtlari va o'lgan mol go'shtlari ham kirib kelganini xech kimga sir emas. Aytishlaricha, hozir 60-70 ming so'm cheklovi bilan chiqarilayotgan go'shtlar esa asosan so'yilishga mo'ljallangan qoramollarni 2-3 oyda bioqo'shimchalar bilan oziqlantirish hisobiga tez vazn olib, so'yiladi, ammo go'shtning asosiy qismi yog' bilan qoplangan bo'ladi.
QACHONDIR GO'SHT NARXI TUSHADIMI?
Moliyaviy hisob-kitoblarda pandemiya sharoitida moliyaviy xarajatlarni hisobga olingan holda qaysidir ma'noda aholiga narx-navoni nazorat qilish orqali engilliklar berilishi o'rinli. Ammo qishloq xo'jaligi mahsulotlari masalasiga kelganda, aynan, go'sht narxini minimallashtirish kutilgan samarani bermasligi ehtimoli katta.
Bunda iqtisodiy tahlillarga asoslanib quyidagi talab va takliflarni o'rtaga tashlash mumkin:
- chorvachilik uchun ajratiladigan kreditlar va har qanday imtiyozli shartlarni nazoratda ushlash;
- chorva mollari etishtirishni sanoat miqyosida sifatli darajada tashkillashtirish;
- narx nazoratini kamaytirish, ko'zbo'yamachilik asosida shakllantirilgan narxlarga chek qo'yish;
- bu borada ekspertlar bilan doimiy tahlillarni olib borish.
SHahboz ABDUSATTOROV,
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati mutaxassisi