Gripp va “omikron” dan oʻzboshimchalik bilan davolanish ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi

    Salomatlik 21 Yanvar 2023 1257

    Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov bu haqda oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi

    — Har ikki kasallikning xavfli jihatlari bor. Ularning ogʻir asoratlari koʻproq oʻzboshimchalik bilan davolangan, shifokor tavsiyasisiz, ustiga-ustak, palapartish ravishda turli preparatlarni qabul qilgan yoxud xastalikni oʻtkazib yuborgan kishilarda kuzatiladi.

    Bunday vaziyatda eng samarali muolaja, avvalo, toʻgʻri tashxisdan boshlanadi. Xususan, koronavirusni faqat PZR-test yoki laborator tahlillar orqali aniqlash mumkin.

    Buning uchun bemor, avvalo, zudlik bilan oʻz hududidagi oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktiga murojaat qilishi lozim.

    Tegishli tekshiruv natijalariga koʻra, mutaxassis tomonidan xastalikning ogʻirlik darajasi va bemorning ahvoliga koʻra, statsionar yoki ambulator muolajalar belgilanishi mumkin.

    SOVID-19ning simptomsiz kechayotgan va yengil darajasida uy sharoitida davolanishga ruxsat beriladi. Grippning ogʻir boʻlmagan bosqilarida ham muolaja choralari deyarli bir xil: yotoq rejimi, koʻproq suyuqlik ichish, harorat 38 darajadan oshganda va bosh ogʻriganda isitma tushiruvchi hamda ogʻriq qoldiruvchi dorilar qabul qilish talab etiladi.

    Uy sharoitidagi muolajalar kamida bir hafta davom etishi kerak.

    Bunda turli vitaminlarni qabul qilib, sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish, immun tizimini kuchaytirish kasallikni tez va oson yengishda muhim omil!

    Unutmaylik, antibiotiklar nafaqat koronavirus, balki grippni ham davolamaydi. Chunki bunday preparatlar — bakteriyalarga qarshi vosita, virusga taʼsir etmagani yetmaganidek, uning tarqalishiga sharoit yaratib berishi mumkin.

    Qolaversa, antibiotiklarni oʻzboshimchalik bilan, retseptsiz va tartibsiz qabul qilish turli aʼzolar faoliyatini izdan chiqarishi va hatto bemorlar oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin.

    Shu bois, eng avvalo, profilaktik choralarga amal qilib, barcha aholi qatlami toʻliq bosqichda va buster dozada vaksina olishlari zarur.