Muloqot avvalida mehmonlarga soʻnggi yillarda yurtimiz hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan muhim oʻzgarishlar, xususan, saylovlarni ochiq va oshkora oʻtkazish boʻyicha yaratilgan sharoitlar, milliy saylov qonunchiligini yanada rivojlantirish, xalqaro mezonlarga moslashtirish boʻyicha qilingan ishlar haqida soʻzlab berildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tuzilishi, undagi siyosiy partiyalar va qoʻmitalar, xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik qilish doirasida tashkil etilgan doʻstlik guruhlari faoliyati toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish holati va istiqbollari, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy, innovatsion, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.
Delegatsiya aʼzolari kuni kecha Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi tashkiliy jihatdan yuqori darajada oʻtganini, ovoz berish jarayoni xalqaro mezonlarga toʻliq javob berishini aytib, saylovlar ochiq, shaffof oʻtgani, hech qanday qonunbuzarlikka duch kelmaganliklarini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, Oʻzbekiston oxirgi yillarda xalqaro maydonda oʻz pozitsiyasini sezilarli darajada kuchaytirgani va xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, Gruziya bilan ham munosabatlarni mustahkamlashga intilayotganini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Gruziya parlamenti oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.