Gulbahor Tojimirzayeva: Tadbirkorlarga e'tibor meni yurtimga qaytishga undadi

    Davlatimiz rahbari takliflarimni qo'llab-quvvatlaganlari meni yanada quvontirdi.

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2022-yil 17-avgust kuni chop etilgan 166-sonida Namangan metallurgiya zavodi bosh direktori Gulbahor TOJIMIRZAYEVAning shu sarlavha ostidagi munosabati e'lon qilindi. Unda muallif bir qator tadbirkorlar qatori davlatimiz rahbari bilan uchrashuvi, samimiy muloqoti hamda o'zining metallurgiya yo'nalishidagi tadbirkorlik faoliyati haqida yozadi.

    — Xitoy Xalq Respublikasida o'qib yurgan kezlarim metallurgiya sohasiga qiziqishim paydo bo'lgan, lekin bu sohaga tasodifan kirib keldim. So'nggi yillarda davlatimiz rahbarining tadbirkorlar, ayniqsa, yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari, barcha sohalardagi rivojlanishlar meni yurtimga qaytib, shu erda ishlashga undadi.

    Hozir biz boshqarayotgan “B.A.Holding” tarkibida 15 ga yaqin korxona mavjud. Ularda 2 mingga yaqin kishi mehnat qiladi. Korxonalar turli sohalarga ixtisoslashgan. Bugungi taraqqiyot asrida davlat rivojini metallurgiyasiz tasavvur etib bo'lmaydi. Bu istiqbolli sohaga talab kun sayin ortmoqda.

    Birgina yurtimiz sharoitida bugungi kunda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna qora metall ishlatilmoqda. Bu tarmoqlardagi rivojlanish, mamlakatimiz iqtisodiyotining so'nggi yillardagi o'sish ko'rsatkichlari bilan bog'liq. Bunyodkorlik ko'lami ortgani sari metall mahsulotlar va ularni ishlab chiqaruvchilarga bo'lgan talab ham kengayib boraveradi. Oxirgi besh yilda qora metallurgiya yo'nalishida 200 ta yangi korxona tashkil etilgani buning yaqqol isboti.

    Shu sohada ish olib borib, qator loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkor sifatida bu raqamlar meni quvontiradi. Ammo bu jarayonning hali boshlanishi, oldimizda katta vazifalar turibdi. Joriy yil 12-avgust kuni Bekobod shahridagi O'zbekiston metallurgiya kombinatida sohani rivojlantirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari mutasaddilar qatori, biz, tadbirkorlar bilan ham samimiy muloqot qildilar. Yig'ilishda o'z fikr va takliflarimizni bildirdik.

    Ochig'i, Prezidentimiz bilan birinchi bor yuzma-yuz ko'rishish imkoniyatiga ega bo'lganimdan ham quvondim, ham faxrlandim. Chunki biz, yoshlar davlatimiz rahbarining bildirayotgan ishonchlaridan katta kuch, motivatsiya olamiz. Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatimizni dadil olib borayotganimiz ham ularning bizga berayotgan imkoniyat va imtiyozlari sabab, deb bilaman.

    Xususan, Prezidentimizning metallurgiya sohasini qo'llab-quvvatlashi tufayli o'tgan yili vodiyda qo'shma korxona shaklidagi Namangan metallurgiya zavodini ishga tushirdik. Investitsiya qiymati 50 million dollarga teng mazkur korxonada metalloprokat mahsulotlari ishlab chiqariladi. To'liq quvvatda 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Zavod “ISO 140001” hamda “ISO9001” xalqaro sertifikatlariga ega bo'lib, hozirda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlarni xorij davlatlariga eksport qilish arafasidamiz. Tojikiston, Afg'oniston va Yevropa davlatlari bilan eksport shartnomalari imzolangan. Korxonada mahsulotlar sifatini doimiy nazoratdan o'tkazuvchi 2 ta laboratoriya ham mavjud.

    Davlatimiz rahbari muloqot chog'ida bizni qiynayotgan muammolar, takliflarimizni so'radilar. Imkoniyatdan foydalanib, ayrim takliflarimni bildirdim. Shulardan biri transport va logistika masalasi.

    Gap shundaki, bizning Namangan metallurgiya zavodimiz Namangan erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan. Bu yerga deyarli barcha infratuzilmalar etazib berilgan. Faqat bitta muammo bor — temir yo'l mavjud emas. Bu esa yuklarni tashish va xaridorlarga tez etkazib berishda qiyinchilik tug'dirmoqda. Agar biz EIZ hududiga 12 kilometr uzunlikdagi temir yo'lni tortib kela olsak, bu erda qariyb 420 ming tonna mahsulot tashish imkoniyati paydo bo'ladi. Bu 6 mingta vagon qatnovi degani. Natijada iqtisodiy zonadagi tadbirkorlarning yil davomida mahsulotlarni tashish hajmi ham, oladigan daromadi ham oshib boraveradi.

    Yig'ilishda yana bir masala — “Metallurglar uyushmasi”ni tashkil etish taklifini bildirdim. Hozir yurtimizda metallurgiya sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar soni ko'payib boryapti. Ular orasida sohaga endi kirib kelgan yoshlar ham anchagina. Uyushma mana shu tadbirkorlarni birlashtiradi, umumiy manfaatlarini himoya qilib, muammolarini hal etishga ko'maklashadi. Tadbirkorlarning o'zaro tajriba almashinuvi yangi loyihalarga yo'l ochadi. Davlatimiz rahbari ushbu takliflarimni qo'llab-quvvatlaganlari meni yanada quvontirdi.

    Bugun tengdoshlarimning g'ayrati, aql-zakovatini ko'rib, faxrlanaman. Hozir yurtimizda rivojlanish darajasi ko'plab yirik davlatlar bilan teng ravishda jadal kechmoqda. Hatto, ulardan farqli tarzda, bizda yosh tadbirkorlar soni umumiy aholi soniga nisbatan ancha tez o'sib boryapti.

    Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlari esa yurtimizning ishbilarmon doira vakillari uchun chinakam minbar vazifasini o'tamoqda. Bu minbarda ularning fikr va takliflari tinglanib, muammolari hal etilyapti. Joriy yilning 22-avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti ham muhim o'zgarishlar, yangi tashabbuslarga yo'l ochishiga ishonaman.