Oʻrta Osiyo, Sharqiy Sibir, Uzoq Sharq, AQSH va Yevropa davlatlarida keng tarqalgan malina oʻsimligi respublikamizda ham oʻstiriladi. Mamlakatimizda uning “Barnaul”, «Visluxa», “Progress”, «Malboro» navlari ekiladi.
Aslida, malinaning 120 ga yaqin yovvoyi turlari mavjud. Ammo uning madaniy — oddiy, qizil, dagʻal tukli yoki Amerika malinasi, gʻarbiy yoki maymunjonsimon navlarigina tomorqalarda yetishtiriladi.
Oʻsimlik ildiz bachkilari, ildizi va qalamchalaridan koʻpaytiriladi. Tez hosilga kiruvchi malinaning qalamchasi ekilgach, ikkinchi yili meva tugadi. Uchinchi yilda esa, serhosil boʻladi. Respublikamizda u sim bagʻazlarga koʻtarib oʻstiriladi. Hosili yigʻib olingach, bir yillik novdalari qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Uni sernam, suvni yaxshi oʻtkazadigan, yer osti suvlari kamida 1,5 metr chuqurlikda boʻlgan yerlarga ekish tavsiya etiladi. Yoz mavsumida uning qator oralari yumshatiladi, 10-12-marta sugʻoriladi.
Eʼtiborlisi, malina yilda ikki marta gullab, hosil beradi. Birinchi hosilda u may oyining oxiri, iyunning boshlarida terib olinadi. Ikkinchi marotaba avgust oyining keyingi yarmida meva tugadi. Malinani ertalab yoki kunning ikkinchi yarmida, harorat pasaygandan soʻng terib olish kerak.
Inson salomatligiga foydaliligi jihatidan malina chempion mevalardan hisoblanadi. Uning tarkibida B va C vitaminlari mavjud. Dorivor sifatida uning mevalari va barglaridan foydalaniladi. Shamollash, gripp kasalliklarini yengishda, isitmani tushirishda uning foydasini alohida eʼtirof etiladi. Shuningdek, u insonning immun tizimini mustahkamlaydi, organizmning infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi.
Malina tomirlardagi qonning ivuvchanligini meʼyorlashtirib, tromb hosil boʻlishining oldini oladi. Darvoqe, uning mevasi va barglaridan tayyorlangan damlamalar bavosir, yuqori qon bosimi kasalliklariga shifo boʻladi.
Uning quritilgan gulidan olinadigan damlamasi ilon va chayon chaqqanda qoʻllaniladi.
Ushbu dorivor oʻsimlik bemorlarning salomatligini yaxshilashda beminnat koʻmakchi boʻlsada, uning oʻzi ham kasallikka chalinib turadi. Malinaning oq dogʻlanish, vilt va boshqa kasalliklari mavjud. Qoʻngʻizlar, bargxoʻrlar, shilliqurt, oʻrgimchakkana, qalqondorlar uning asosiy zararkunandari hisoblanadi. Oʻz vaqtida agrotexnik tadbirlarning oʻtkazilishi va mutaxassislar tavsiya etgan muolajalarni qoʻllash malina daraxtini saqlab qoladi.
Malinani vaqtida butalab, eʼtibor bilan parvarish qilinsa, u 10-12 va undan ham koʻproq yillar hosili bilan siylaydi. Bu haqda Agro Inform rasmiy telegram kanali maʼlumot bermoqda.