Quvonarli tomoni, klaster faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilgach, bir vaqtning oʻzida kardiolog, okulist yoki endokrinolog maslahatini shu yerda olishi mumkin boʻladi.

Barcha zarur muolaja va maslahatlarni shu yerning oʻzida olib bemor esa “bir tom ostida” ham vaqtini, ham mablagʻini tejaydi.

Buning uchun, bu yerda yetarlicha imkoniyat yaratilib qolmay, malakali shifokorlar brigadasi shakllantiriladi. Natijada, ular bemor salomatligi bilan bogʻliq jiddiy oʻzgarishlar kuzatilsa, shu yerning oʻzida ular tomonidan konsulim asosida tashxis qoʻyilib davolash muolajalari olib boriladi.

— Ayni vaqtda, Guliston tibbiyot klasterining 100 oʻrinli terapiya korpusi binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, — deydi Guliston tibbiyot klaster direktori Qodir Xatamov. — Uning qurilishi uchun 18 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, qurilish ishlarini Gulistondagi “Shohrux-Dimerbek” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari amalga oshirgan. Endilikda ushbu binoda, umumiy terapiya va reabilitatsiya, nevrologiya, kardiorevmatologiya, pulmonologiya va gematologiya boʻlimlari joylashtirilib, oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, ayni vaqtda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazidan Guliston tibbiyot klaster balansiga oʻtkazilgan eski 2 qavatli xirurgiya binosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu yumushlarni bajarilishi uchun qariyb 3 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Qurilish va rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetgach, u yerda 60 oʻrinli endokrinologiya dispanseri xirurgiya xizmati bilan, va shuningdek 30 oʻrinli yiringli septik xirurgiya, binoning birinchi qavatida 15 oʻrinli nefrologiya boʻlimlari oʻz faoliyatini boshlaydi.

Guliston tibbiyot klasterning moddiy texnik baʼzisini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlash maqsadida, oʻtgan 2021— 2022-yillar davomida 1 milliard 735 million soʻmga yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazishga moʻljallangan 10 turdagi apparatura, yaʼni analizator, raqamli rentgen, kamerali mikroskop, video endoskop keltirilgan, diagnostika ishlarini yaxshilash uchun raqamli “DRF-4” keltirilib oʻrnatildi. Yaqin vaqtlar oraligʻida magnitli rezonans tomograf apparati keltirilishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, Guliston tibbiyot klasterida tibbiyot xodimlar ilmiy ish bilan shugʻullanishi uchun respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy tibbiyot markazlari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ, xirurgiya, hamda neyrotravmatologiya boʻlimining bir qator shifokorlariga oʻz ustilarida ishlab, ilmiy ishlar bilan shugʻullanish imkonini beryapti.

Birgina joriy yilda mazkur klasterda 150 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazildi. Buning natijasida, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji boʻlgan, respublika ilmiy amaliy tibbiyot markazlariga ushbu amaliyot bilan bogʻliq masalalar bilan murojaat etuvchi bemorlar soni keskin qisqardi.

Guliston tibbiyot klasteri toʻla-toʻkis ishga tushgach, aholi salomatligi bilan bogʻliq koʻpgina masalalarga shu yerning oʻzida yechim topiladi. Malakali tibbiy xizmat shu yerning oʻzida koʻrsatiladi.

Gʻulom Primov,

Sirdaryo viloyat

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi.