Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida ”Guliston tibbiyot klasteri“ hamda xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Gulistonda tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliygohi tashkil etilishi, unda Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti filialini ochish boʻyicha muzokaralar olib borilgan edi, deb xabar qilmoqda Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Mazkur filial taʼlim faoliyatini 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiradi.

Qayd etilishicha, filialda bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqitish jarayoni 3+3 (3 yil Oʻzbekistonda, 3 yil Turkiyada) tashkil etiladi, bunda 30 foiz talabalar universitet mablagʻlari hisobidan ajratiladigan grantlar asosida oʻqitiladi.

Nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadigan ushbu filialda oʻqitish kunduzgi taʼlim shaklida, davlat va ingliz tillarida amalga oshiriladi.