Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas — Ombudsman

    Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali surishtiruv va tergov jarayonlarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolarga jismoniy va ruhiy bosim oʻtkazish, qiynoqqa solishga oid qator xabarlar tarqalib, keng jamoatchilik eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

    Qiynoqqa oid xabarlar Ombudsman nazoratiga olinib oʻrganilmoqda. Lekin, kuni kecha Boʻkada sodir boʻlgan holat sud tergov jarayonlarida qiynoq deb atalmish illatga hali hanuz yoʻl qoʻyilayotganligini tasdiqlaydi.

    Boʻka tumanida fuqaroning vafot etishi bilan, tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga koʻra, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodimlar hibsga olinganini Ombudsman ijobiy baholaydi.

    Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Boʻkadagi holat misolida qonunga xilof ish koʻruvchi xodimlar borligi juda achinarli.

    Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, soʻnggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni eʼtirof etishimiz lozim. Lekin, davlat siyosatiga qarshi turib, oʻz xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yoʻl qoʻyayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, qiynoq bu jamiyat tanasidagi kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik taʼminlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik- qiynoqlarni barvaqt oldini olishning taʼsirchan vositalaridan biri.

    Mamlakatdagi ochiqlik siyosati sabab shu kabi ogʻriqli holatlar tilga olinib, unga jamoatchilik eʼtibori qaratilmoqda. Toʻgʻri qiynoq koʻplab rivojlangan davlatlarning ham global muammolaridan biridir. Qiynoq insonning fundamental huquqlarining buzilishi hisoblanadi.

    Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik taʼsirga ega boʻlgan, shaxs sifatida yoʻq qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Inson qadri tamoyili ustuvor boʻlgan Oʻzbekiston qiynoqqa qarshi kurashish boʻyicha oʻzining mustahkam va keskin pozitsiyasiga ega. Soʻnggi yillarda qiynoq holatlariga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan jazo choralari ogʻirlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qoʻllanilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

    Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida moda kiritilgan va qiynoqni qoʻllagan shaxsga nisbatan ogʻirlashtiruvchi normalar qoʻllanilishi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu bilan qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillar ildizi qirqilmoqda.

    Qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha Ombudsman boshchiligida Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan birga penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerdagi sharoitlar tizimli ravishda oʻrganilmoqda.

    U yerda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda. Mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qoʻllanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qoʻllanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib oʻrganilib, qiynoq alomatlari mavjud boʻlgan hollarda ish koʻrib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Boʻkadagi holat ham Ombudsman nazoratida boʻladi.

    Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubi dan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qatʼiy chora koʻrish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zoʻravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan bu boradagi qadamlar izchil boʻlishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qatʼiy jazoga tortishga chaqiramiz.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili

    (ombudsman) axborot xizmati