“Habeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, yaʼni jinoiy taʼqibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqining tarixan eng qadimiy eʼtiroflaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda “Xabeas korpus” instituti 2008-yildan tatbiq etilgan boʻlib, uning qoʻllash doirasi yillar davomida izchil kengaytirilib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qatʼiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi 27-moddasida “Habeas korpus” institutining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari belgilab berilgan. Xususan, hech kim noqonuniy ravishda hibsga olinishi, ushlanishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki erkinligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Shunga muvofiq, hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlash faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyiladi, shuningdek shaxsni sud qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekistonda ayblanuvchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilik Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mamlakatning Jinoyat-protsessual kodeksiga asoslanadi hamda ularda xalqaro standartlarga mos keluvchi qoidalar mujassam etilgan. Konstitutsiya inson va fuqaroning asosiy huquq va erkinliklarini, jumladan aybsizlik prezumpsiyasi va himoyalanish huquqini kafolatlaydi. Ayblanuvchining himoyalanish huquqi jinoyat sud ishlarini yuritishning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilinishini ta’minlaydi.
Soʻnggi yillarda, jumladan qonunchilikni isloh qilish orqali inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, sud ishlarini yuritishda tortishuv va tomonlarning teng huquqliligi prinsiplarini amalda taʼminlash imkoniyatlarini yaratish maqsadida 2023–2026 yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish bo‘yicha qisqa muddatli Strategiyani amalga oshirish Harakatlar dasturida ayblanuvchining malakali yuridik yordam olish huquqini amalda toʻliq taʼminlashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek ayblanuvchining oʻz himoyachisidan voz kechishining har bir holatini prokuror va sud tomonidan sinchkovlik bilan oʻrganish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–89-son Farmoniga muvofiq, “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, 2025-yil 1-yanvardan boshlab tergov sudyasi lavozimi joriy etildi. Ushbu qadam Oʻzbekiston jinoyat protsessini isloh qilishdagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lib, u bevosita ayblanuvchining huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga, ayniqsa tergov organlarining oʻzboshimcha harakatlaridan himoya qilishga xizmat qiladi. Tergov sudyasi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartishlarga muvofiq, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklovchi hibsga olish, tintuv, olib qoʻyish va boshqa tergov harakatlarining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Shu tariqa, ayblanuvchining erkinligi va daxlsizligiga taalluqli har qanday harakat sud sanksiyasini olishi lozim boʻlib, bu ayblanuvchi huquqlarining qoʻshimcha huquqiy himoya darajasini taʼminlaydi. Demak, mazkur institutsional islohot nafaqat Oʻzbekistonning jinoyat-protsessual tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtiradi, balki sudgacha bo‘lgan ish yuritish bosqichida ayblanuvchi huquqlarining real kafolatlarini ham kuchaytiradi.
“Habeas korpus” instituti doirasida ayblanuvchining huquqlarini taʼminlash Oʻzbekistonda adolatli, insonparvar va samarali jinoyat odil sudlov tizimini barpo etish jarayonida muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Aniqlangan muammolarni muvaffaqiyatli hal etish faqat xalqaro tajriba va standartlarga tayangan holda amalga oshiriladigan qonunchilik hamda institutsional islohotlarni qamrab oluvchi tizimli yondashuv orqali mumkin. “Habeas korpus” instituti faqat oʻzboshimcha hibsdan himoya kafolati sifatida xizmat qilmay, balki qonun ustuvorligining ramzi boʻlib, jamiyatga har bir insonning adolatli va oshkora sudlov jarayonida ishtirok etish huquqiga ega ekanligini koʻrsatadi. Zamonaviy kontekstdagi ahamiyati ayniqsa ortib bormoqda: hibsga olish va boshqa cheklovchi choralarga sud nazoratini joriy etish fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini oshirishga va jinoyat sudlovining insonparvar va samarali modelini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, “Habeas korpus” nafaqat yuridik mexanizm sifatida, balki huquqiy davlatni mustahkamlashning muhim vositasi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Xidoyatov Baxtiyar,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Jinoyat-protsessual huquqi” sho’basi professori, yuridik fanlari nomzodi