Kecha Oʻzbekiston hududiga Ural hududlaridan nam va nisbatan salqin havo tarqala boshladi. Respublikaning qator hududlarida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻib oʻtdi, baʼzi joylarda momaqaldiroq kuzatildi. Havo harorati hududning katta qismida 30-35 darajagacha pasaydi.
Bugun va ertaga respublika boʻyicha harorat asosan 30-35 daraja, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 37-39 darajagacha boʻlgan nisbatan salqin ob-havo saqlanib turadi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, bugun kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyati boʻyicha baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Ayrim joylarda shamol tezligi chang-toʻzon bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Hafta oʻrtasida Oʻzbekiston boʻyicha havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati koʻtariladi va 35-37 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda 38-39 darajagacha boʻladi.
Hafta oxiriga kelib, harorat foni yana 2-3 darajaga pasayadi.
Poytaxtimizda: bugun 7-avgust kuni havo oʻzgarib turadi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-32 daraja boʻladi.
8-11-avgust kunlari havo biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol tezligi birozdan oʻrtachagacha esadi. Harorat 8-avgustda 32-34o, 9-11-avgustda 34-37o boʻladi.