Oʻzgidromet direktori Sherzod Habibullayevning taʼkidicha, bu holat bir vaqtning oʻzida kuchayib namoyon boʻlgan bir nechta tabiiy omillar bilan bogʻliq.
Birinchi omil – keskin harorat almashishi va inversiya. Joriy haftada havo harorati tez oʻzgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga oʻtish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu bois mayda zarrachalar past havo qatlamida toʻplanib, qisqa vaqtda konsentratsiya oshadi. Bu jarayon Toshkent, Olma-ota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabr–fevral oylarida kuzatiladi.
Ikkinchi omil – yogʻingarchilikning yoʻqligi. Sinoptiklar maʼlumotlariga koʻra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomgʻir yogʻmadi. Oʻzgidromet direktori taʼkidlaganidek, yogʻingarchilikning yetishmasligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy yuvilishini sekinlashtiradi va ularning atmosferada uzoq turib qolishiga sabab boʻladi.
Uchinchi omil – arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. Oʻzbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarim quruq iqlim hududida joylashgan. Arid jarayonlar kuchayishi, oʻsimlik qoplamining qisqarishi va iqlim isishining taʼsiri sabab tabiiy changlanish oshmoqda. Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan koʻproq namoyon boʻldi, hatto shamol past boʻlgan kunlarda ham PM10 koʻrsatkichi oshishi kuzatildi.
Sinoptiklar prognoziga koʻra, amalga oshgan inversiya jarayoni 24-noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning maʼlum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy holdir. Havo barqarorlashishi bilan havo sifati oʻz-oʻzidan sezilarli yaxshilanadi.
Hozirda mahalliy hokimiyatlar, kommunal xizmatlar va masʼul idoralar tomonidan quyidagi amaliy ishlar olib borilmoqda:
- koʻcha va yoʻllarni namlash;
- yashil hududlarni qoʻshimcha sugʻorish;
- jamoat joylarini nam tozalash;
- aholi uchun tavsiyalarni yetkazish;
- atmosfera havosini doimiy monitoring qilish.
Sherzod Habibullayevning taʼkidlashicha, kuzatilayotgan holat tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayondir. Uning soʻzlariga koʻra, barcha vakolatli organlar vaziyatni doimiy nazorat qilmoqda va aholi muhim oʻzgarishlar haqida oʻz vaqtida xabardor qilib boriladi.








