Haftaning birinchi yarimida hududlarning katta qismida quruq va juda issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzi havo harorati 40-43 daradja atrofida, janubda 45 darajagacha boʻladi.

Faqat Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbiy hududlariga Kaspiy dengizidan nisbatan salqin va biroz nam havo massasi tarqaladi. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida 25-26-iyul kunlari baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻladi. Havo harorati 32-37 darajagacha pasayadi.

Haftaning ikkinchi yarmida issiq ob-havo massasi Oʻzbekiston hududidan chekinadi va respublika boʻyicha harorat pasaya boshlaydi.

Hafta oxiriga kelib, nisbatan salqin havo massasi respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi va koʻpchilik viloyatlarda havo harorati 33-36 darajagacha pasayadi, faqat eng chekka janubda 39-41 darajaga yetadi.

25-27-iyul kunlari shimolda, janubda va choʻl hududlarda, 28-29-iyulda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlari bilan kuzatilishi mumkin.

25-28-iyul kunlari Qirgʻiziston hududidan Fargʻona viloyatining togʻ oldi va togʻli hududlari boʻyicha: Soʻx, Fargʻona tumanlarida va Soʻx, Shohimardon, Isfayramsoy daryolarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.