“Haj-2025”: Mavsumni yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi

    Jidda shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.

    Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari boʻyicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida oʻzaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama qilindi.

    Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni boʻlgan ziyoratchilarga namunali xizmat koʻrsatilayotgani alohida qayd etildi.

    Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani taʼkidlandi.

    Soʻnggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va oʻzbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.

    Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia soʻzining davomida Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni eʼtirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qoʻshgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi oʻzgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor boʻlishini taʼkidladi.

    Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovgʻalari topshirdilar.