Gap shundaki, kecha bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha uzunlikka sakrash bahslarida terma jamoamiz a’zosi, 15 yoshli samarqandlik qizimiz Sharifa Davronova 14,30 metr natija qayd etib, peshqadamga aylanib olgan edi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmay turkiyalik sportchi Tug‘ba Danishmas 14,41 metr natija bilan hamyurtimizni quvib o‘tdi.

Lekin ushbu vaziyatda turkiyalik sportchi qizil chiziqni kesib o‘tgan va tabiiyki uning natijasi bekor qilinishi kerak edi.

Afsuski, o‘sha vaziyatda hakamlar xatoga yo‘l qo‘yishdi. Boz ustiga O‘zbekiston va Ozarbayjon terma jamoalari tomonidan bildirilgan e’tirozlarga tezkor munosabat bildirilmadi. Stadionga yig‘ilgan ommaning qarshisida guyoki Tug‘ba Danishmas g‘olibga aylandi.

Keyinchalik hakamlar hay’atining qayta ko‘rib chiqishi natijasida 1-o‘rinda ko‘rsatilgan turkiyalik sportchi Tugba Danishmas eng yaxshi natijasini amalga oshirganda taqiqlangan chiziqni bosgani aniqlandi va ushbu urinish bekor qilindi. Shu tariqa, Sharifa Davronova uch hatlab sakrash yo‘nalishi chempioniga aylanmoqda.

Musobaqa qoidasiga binoan shikoyat kiritish huquqidan unumli foydalangan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi murabbiylar shtabi mazkur holat yuzasidan o‘z vaqtida hakamlar qo‘mitasiga raddiya berdi. Musobaqalar yakunida ushbu holat ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Yakunda sportchi texnik xatolikka yo‘l qo‘ygani, ya’ni qizil chiziqni kesib o‘tgani tasvirni qayta ko‘rish orqali aniqlandi va Turkiya terma jamoasi a’zosining 14,41 metrlik natijasi bekor qilindi.

Shu tariqa, bir hafta oldin Kolumbiyada o‘tgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan Sharifa Davronova 14,30 metr natijasi bilan Islom birdamligi o‘yinlarida oltin medal bilan taqdirlanadi.