Aholining ish bilan bandligi doim dolzarb masala bo'lib kelgan. Ammo odamlarning turmush sharoiti, mehnatga layoqatini oshirish uchun yangi ish o'rinlari yaratish, bandlikni ta'minlashning o'zi kamlik qiladi. Bu borada har bir tashkilotda xodimlarga munosib ish sharoiti yaratish, ularning o'z ishini mamnuniyat bilan bajarishiga motivatsiya berish yanada muhim.

Barcha tarmoqlarda bo'lgani kabi ushbu yo'nalishda ham mamlakatimizda aniq, tizimli ishlar zarurligi bir necha yil oldin yaqqol ko'zga tashlandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimizning real pul daromadlari va xarid qobiliyatini oshirish, kam ta'minlangan oilalar soni hamda fuqarolarning daromadlari bo'yicha farqlanish darajasini yanada kamaytirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, aholi, eng avvalo, o'rta maxsus va oliy o'quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish, mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini to'liq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ish kuchi sifatini yaxshilash davlat siyosatining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Ushbu masalalarning bir qismi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori asosida ish boshlagan yangi tuzilma zimmasiga yuklatildi.

Belgilangan 8 ta muhim yo'nalish bo'yicha o'z faoliyatini olib borayotgan Jamoat ishlari jamg'armasi o'tgan davr mobaynida bu boradagi muammolarni o'rganib, ularga echim topishda muhim chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Ana shu sa'y-harakatlar natijasida yurtimizda, avvalo, majburiy mehnatga, ayniqsa, bolalar mehnatiga barham berildi. Har yili o'tkaziladigan paxta yig'im-terim davrida o'z ixtiyoriga ko'ra otryadlarga birlashgan terimchilarning otryad rahbarlariga Jamg'arma mablag'lari hisobidan oylik maoshlari to'lab berish yo'lga qo'yildi.

Sir emas, avvallari, o'qituvchilar, shifokorlar va boshqa byudjet tashkiloti xodimlari majburiy tarzda obodonlashtirish, tozalash, oqlash ishlariga jalb qilingan. Bu kabi qiyin vaziyatning echimi sifatida joylarda haq to'lanadigan jamoat ishlari tashkil etildi. Endi bu kabi ishlarni mahallalarda ishsiz sifatida ro'yxatga olingan yurtdoshlarimiz oylik maoshi evaziga bajarmoqda. “Obod qishloq”,”Obod mahalla” dasturlari asosida tashkil etiladigan qurilish va ta'mirlash ishlariga ham ishsiz, band bo'lmagan aholi jalb qilinyapti. Ana shunday jamoat ishlari sabab yuzlab, minglab kam ta'minlangan oilalar ishlik bo'ldi, davlat tashkilotlari xodimlari esa boshqa ishlar bilan emas, balki o'z vazifalari bilan shug'ullanyapti.

Jamoat ishlari ayniqsa, dunyoni larzaga keltirgan pandemik vaziyat davrida odamlarni mehnatga jalb qilishning muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. Bu vaqtda hamma yo'nalishda bo'lgani kabi Jamg'arma faoliyatida ham tub o'zgarishlar yuz berdi. Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan mavjud 8 yo'nalish kengaytirilib, 12 yo'nalishga aylandi. Tashkil etilgan blok-postlarda aholiga moddiy yordam sifatida tarqatiladigan mahsulotlarni yetkazishda, yolg'iz keksalarning holidan xabar olishda haq to'lanadigan jamoat ishlari tashkil etildi. Shuningdek, epidemiologik vaziyat barqaror bo'lmagani sababli xorijga chiqib ketolmagan mehnat migrantlarining bandligini ta'minlash, ularni moddiy qo'llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar uchun O'zbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi Davlat byudjeti to'g'risidagi Qonuniga asosan 2021-yil uchun Jamoat ishlari jamg'armasiga 250,0 milliard so'm mablag' ajratilganini alohida ta'kidlash joiz.

Ana shu mablag'lar hisobidan joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko'maklashish markazlari tomonidan shakllantirilgan yig'ma buyurtmalar asosida 203 705 nafar ishsiz va band bo'lmagan fuqarolarga haq to'lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etganligi uchun 148,5 milliard co'm mablag'lar o'rnatilgan tartibda to'lab berildi. Bu raqamlar shunchaki statistik ma'lumot emas. Bandligi ta'minlangan bir nafar fuqaroning daromadga ega bo'lishi nafaqat uning, balki u orqali oila a'zolarining ham moddiy qo'llab-quvvatlanganini anglatadi. Axir, xalqimizda “Bekorchidan Xudo bezor”, degan gap bor. Jamiyatga qo'shilgan, o'z oylik maoshiga ega bo'lgan fuqarolar boqimandalik kayfiyatidan chiqariladi. Ular o'zganing mulkiga ko'z olaytirmaydi, joylarda jinoyatchilikning oldi olinadi.

Bitta tadbirkor bir nechta kishini ishli qiladi

Sohibqiron Amir Temur bobomizning “Temur tuzuklari” asarida yozilishicha, “Xarob bo'lib yotgan erlar egasiz bo'lsa, mas'ullar tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo'lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi etmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o'z yerini obod qilib olsinlar”. Ushbu tarixiy tizim bugungi zamonaviy hayotda ham o'z natijasini bermoqda. Jamoat ishlari jamg'armasi bu borada yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko'maklashish, “mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash maqsadida o'ziga xos loyihani amalga oshirmoqda.

Tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, bo'sh yotgan yerlardan maqsadli foydalanishni ta'minlash maqsadida turli miniuskunalar, jihozlar qulay shartlar asosida fuqarolarga ijaraga berilyapti. Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 23 ta tadbirkorlik sub'ektiga Jamg'arma mablag'lari hisobidan umumiy qiymati 4,5 milliard so'mlik 861 dona tikuv mashinasi, dazmol, motokul`tuvator, avtomobil yuvish shahobchasi jihozlari ijaraga berildi. Natijada “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz, band bo'lmagan aholi uchun respublika bo'ylab qariyb 1 400 dan ortiq ish o'rni yaratildi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan. So'nggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Shu asosida Jamoat ishlari jamg'armasi ham tadbirkorlik sub'ektlari bilan faol hamkorlik yo'lini belgilab olgan.

Joylarda mahallabay yurib aholi muammolari o'rganilganda, ishsiz, band bo'lmagan fuqarolarga o'zlari yashaydigan hududda ish o'rni yaratish kerakligi aniqlandi. Shu bilan birgalikda, hududdagi tadbirkorlarning ham muammolari o'rganildi. Bankka borish, kredit olish, garovga qo'yish kabi ovoragarchiliklarning oldi olindi. Tadbirkor uchun eng muhim bo'lgan qimmatli vaqtini tejashga erishildi.

Qisqa qilib aytganda, Jamoat ishlari jamg'armasi tadbirkorlar bilan do'st bo'lib ishlamoqda. Biznes vakiliga arzon ishchi kuchi, qulay ijara shartlari asosida uskunalar taqdim etilmoqda. Shu bilan birgalikda, tadbirkor oyoqqa turib, xodimlar o'z ishini mukammal o'zlashtirguncha, jamg'arma mablag'lari hisobidan oylik maoshining 50 foizi ham to'lab berilyapti.

Bandlik masalasi haqida gap ketganda yoshlar bandligi haqida gapirmaslikning iloji yo'q. Yigit-qizlar bandligini ta'minlashda natijaga erishish qator tashkilotlar, davlat idoralaridan hamkorlikda ish yuritishni talab etadi. Shu maqsadda, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2021-yil 3-martda qo'shma qaror imzolandi. Bunga asosan xududiy boshqarmalarga 5 tadan 70 ta, shahar, tuman bo'limlariga 3 tadan 618 ta jamoatchi yordamchilar biriktirildi. Umumiy hisobda 700 ga yaqin yoshlarning bandligi ta'minlandi va oylik maoshlari moliyalashtirib berilmoqda.

Bu yoshlar o'zlari kabi qanchadan-qancha yigit-qizlarning ishga joylashtirilishi, subsidiyalar ajratilishi, to'garaklarga jalb qilinishiga o'z hissalarini qo'shmoqda. Birgina Toshkent viloyatining YAngiyo'l tumanida 38 611 nafar yoshlar istiqomat qiladi. Tumanda 229 nafardan ortiq ishsiz yigit-qizni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan tikuvchilik, buxgalteriya, komp'yuter savodxonligi kabi kasb-hunarlarga jalb qilish, o'qishni tamomlab maxsus sertifikatlar olishida ushbu yoshlar yaqindan ko'makchi bo'lmoqda.

Bugun Jamoat ishlari jamg'armasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga nafaqat tegishli mutasaddilar, balki xalqaro ekspertlar va tashkilotlar ham jalb etilmoqda. Xususan, 2020-yil 26-maydan 22-oktyabrga qadar o'tkazilgan “O'zbekiston Respublikasidagi Jamoat ishlari dasturi o'zini-o'zi baholash” mavzusidagi vebinarda Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari Ramirro Pizarro, Maykel Lyui-Ki-Song, Kris Donjers, Yimon Dazern, Yasmina Papa va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etib, o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdi.

Jahon banki ekspertlari tomonidan jamg'arma faoliyati o'rganilib, 2021-yil 12-martda Jahon banki guruhining a'zosi, ijtimoiy himoya bo'yicha mutaxassis Marina Novikova tomonidan “O'zbekiston fuqarolarinining krizisga javobi” mavzusida taqdimot tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim qilindi.

2021-yilning 23-mart kunidan boshlab esa xalqaro ekspertlar — Amerika G'aznachilik departamenti eksperti Seta Vandergrift, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti eksperti Jon Blondal, Evropa ittifoqining Davlat moliyaviy  tizimini boshqarish bo'yicha eksperti Nina Xajoyan, Osiyo taraqqiyot banki eksperti Styuart Kolin Maugham va Jamg'arma xodimlari ishtirokida “Dasturiy byudjetlashtirish” tizimida maqsadli indikatorlarni ishlab chiqish mavzusida xalqaro seminarlar o'tkazib kelinmoqda.

Bu kabi hamkorlik munosabatlari mamlakatimizda aholi bandligin ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish, odamlar uchun munosib ish sharoitlarini yaratib berishda xalqaro standartlar asosida zamonaviy echimlarni qo'llashga xizmat qilmoqda.

Salohiddin SAMADOV,

O'zbekiston Respublikasi

Bandlik va mehnat munosabatlari

vazirligi huzuridagi

Jamoat ishlari jamg'armasi

ijrochi direktori