Mahallangizdagi nonvoyxonaga nazoratchi keladi. Bir soatdan keyin qo‘lida dalolatnoma, stolda jarima. Nonvoy “men hech narsa buzmadim-ku” deydi. Javob qisqa: “Buzmaganingizni isbotlang.”
Mana shu bitta so‘z — “isbotlang” — yillar davomida O‘zbekistonda kichik biznesning eng og‘ir yuki bo‘lib keldi. Chunki isbotlash pul, vaqt, yurist va asab talab qiladi. Odam o‘tirib hisob qiladi va ko‘pincha bir xil natijaga keladi: sudlashish jarimadan qimmatga tushadi. So‘ng to‘laydi-qo‘yadi. Nohaqlikning eng ko‘p uchraydigan turi ham shu — e’tiroz bildirilmagan nohaqlik.
29-avgust kuni e’lon qilingan prezident farmoni ana shu yukni yelkadan olib, stolning narigi tomoniga qo‘ydi. Hujjatdagi nomi — “tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi”. Ma’nosi esa bitta jumlaga sig‘adi.
Davlat organi aksini isbotlamagunicha, tadbirkor qonunga muvofiq ish tutgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan hisoblanadi.
Aslida “prezumpsiya” bizga notanish narsa emas. Konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasi bor: sud hukmi bo‘lmaguncha hech kim jinoyatchi emas, aybni esa ayblanuvchi emas, davlat isbotlaydi. Endi xuddi shu mantiq jinoyat ishlaridan chiqib, kundalik xo‘jalik nizolariga — soliq, nazorat, litsenziya va jarima masalalariga kirib keldi.
Amalda bu shuni anglatadi: sudda yoki nizoni ko‘rayotgan ma’muriy organda endi tadbirkor o‘zini oqlab yugurmaydi. Huquqbuzarlik umuman sodir bo‘lganini, qo‘llangan chora qonuniy va asosli ekanini davlat organining o‘zi ko‘rsatib berishi kerak. Ustiga-ustak, u chora mutanosib ekanini ham — ya’ni jazo qilmishning og‘irligiga mos keladimi, degan savolga ham javob beradi. Ilgari jarima “qonunda shunday yozilgan” degani bilan oqlanardi. Endi uning o‘lchovi ham baholanadi. Ko‘zga tashlanmaydigan, lekin eng jiddiy o‘zgarish shu.
Shubha kimga ishlaydi
Farmonning eng qimmatli jumlasi esa e’tibordan chetda qolib ketishi mumkin: qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, shuningdek davlat organi keltirgan dalillarning yetarli emasligidan tug‘ilgan shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi.
Bizda bir hujjat “mumkin”, ikkinchisi “mumkin emas” deb turgan holatlar kam emas. Vazirlik xati nizomga to‘g‘ri kelmaydi, eski qaror yangi qonun bilan gaplashmaydi. Shu paytgacha bunday chalkashlikning narxini zanjirning eng oxirgi bo‘g‘ini — tadbirkor to‘lardi. Endi qonun tushunarsiz bo‘lsa, bu uni o‘qigan odamning emas, yozgan odamning muammosi hisoblanadi.
Sudda yutish nuqta qo‘yadi
Yana bir eski dard bor edi: tadbirkor sudda yutadi, organ esa o‘sha ishni qaytadan ko‘rib, yana o‘sha jarimani, ba’zan kattarog‘ini yozadi. Farmon bu aylanani uzadi. Sudning huquqiy pozitsiyasi organ uchun majburiy bo‘ladi, qayta ko‘rib chiqishda tadbirkorning ahvoli avvalgisidan og‘irlashtirilmaydi, qaror esa 30 kun ichida qayta ko‘riladi. Muddat o‘tgach, o‘sha ish bo‘yicha unga hech qanday chora qo‘llash taqiqlanadi. Oxirgi jumla eng qimmati: ish endi yillab bosh uzra osilib turmaydi.
Farmon yolg‘iz ham kelmadi. 2027-yildan “birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi ishlaydi: odamlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki o‘zganing mulkiga zarar yetmagan bo‘lsa, birinchi kamchilik uchun darrov jarima yozilmaydi, avval tuzatishga o‘n kun beriladi. Kichik biznes tekshiruvlari uch yilga to‘xtatiladi. “Ikkinchi imkon” amnistiyasi doirasida soliq qarzi yil oxirigacha to‘liq to‘lansa, penya hisobdan chiqariladi. Bularning yoniga kafilliklar, imtiyozli kreditlar qo‘shiladi. Lekin ularning bari — vaqtinchalik chora. Prezumpsiya esa qoida, u har yili qaytadan e’lon qilinmaydi.
Buni ishlatish kerak
Shu yerda ikkita aniqlik kiritish joiz. Birinchisi: haqlilik prezumpsiyasi “endi tadbirkorga hamma narsa mumkin” degani emas. Bu faqat bitta savolga javob — kim isbotlaydi. Organ dalil bilan kelsa, javobgarlik o‘z kuchida qoladi; odamlarning hayoti va xavfsizligiga daxldor holatlarda esa yengillik umuman yo‘q. Hujjat yuritish, soliq hisoboti, sertifikat — hammasi avvalgidek talab qilinaveradi. Aksincha, yangi tartib tartibli ishlaydiganni yutuqli qiladi: hujjati joyida bo‘lganning qo‘lida endi kuchli pozitsiya bor.
Ikkinchisi: qonun o‘zi ishlab ketmaydi. Qog‘ozdagi huquq faqat undan foydalanilganda kuchga kiradi. Shuning uchun bugundan boshlab:
-
dalolatnomani imzolashdan oldin “rozi emasman” izohini yozing va nusxasini oling;
-
qaror qaysi normaga asoslanganini yozma so‘rang — bu endi sizning huquqingiz, uning majburiyati;
-
xat, ariza, chek, tovar-transport hujjatini saqlang: dalil unga kerak, lekin siznikilar uning dalilini yiqitadi;
-
sudda yutgan bo‘lsangiz, 30 kunni sanang — muddatdan keyingi har qanday chora ochiq qonunbuzarlik.
Bu farmonning asosiy qiymati kreditlarda ham, kafilliklarda ham emas. Ular har yili beriladi va unutiladi. Asosiy qiymat ohangda: davlat organi endi “men aytdim, demak shunday” deya olmaydi, u o‘z qarorini asoslab berishi kerak. Mamlakatda millionlab odam do‘kon, ustaxona, servis, taksi va oilaviy tadbirkorlik bilan tirikchilik qiladi, ularning aksariyati esa yuristi bo‘lmagan oddiy insonlar. O‘zgarish o‘sha nonvoyxona ostonasida sezilsa — demak, ishladi.
Po'latov Temur,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro xususiy huquq shoʻbasi oʻqituvchisi