Davlatimiz rahbarining biznes vakillari bilan boʻlajak ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan boʻlsak, markaziy va boshqarmada tashkil etilgan shtablarga hozirga qadar poytaxtlik tadbirkorlardan jami 16 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning asosiy qismiga oʻz vaqtida yechim topilmoqda. Jumladan, boshqarma boshligʻi T.Saidovning “Arkbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar bilan muloqoti ochiq va samimiy ruhda kechdi.
Masalan, “Ababil Team” maʼsuliyati cheklangan jamiyat tomonidan shu vaqtga qadar yurtimizga import qilinmagan yangi turdagi tovar – uzoq muddat yotoqda qolayotgan bemorlar uchun moʻljallangan maxsus matras toʻshaklar olib kelgan. Ilgari amaliyotda kuzatilmagani sababli, mazkur tovar uchun tegishli sertifikatalarni olishda tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.
Uchrashuvda mazkur masalaga masʼul mutaxassislar ham jalb qilinib, masala joyida hal qilindi.
Yana bir tadbirkor esa Xitoy davlatidan qurilish va neft-gaz sohasida ishlatiladigan maxsus transport vositalarini olib kelgan. U esa mazkur maxsus trasport vositalarini bojxona rasmiylashtirishda imtiyoz qoʻllash boʻyicha murojaat qildi. Uning murojaati esa toʻliq qanoatlantirildi. Unga bojxona rasmiylashtiruvida 80 mlrd. soʻmdan ortiq imtiyozlar qoʻllanildi
Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi yuzma-yuz doʻstona muloqotlar tadbirkorlarning murojaatlariga oʻz vaqtida yechim topishiga, tashqi iqtisodiy faoliyatni yana-da liberallashtirishga,qolaversa soha rivojiga munosib hissa qoʻshadi.