Oʻzbekiston boks terma jamoasi bungacha eng yaxshi natijani 2019-yil Yekaterinburg mezbonlik qilgan jahon chempionatida qayd etgan edi. Toshkentdagi musobaqada ushbu rekord yangilandi va Oʻzbekiston boksi tarixida yana bir yangi sahifa ochildi.
Chempionatda medallar soni boʻyicha ham, sifati boʻyicha ham biz birinchi boʻldik. Men bu nufuzli musobaqada -57 kilogramm vazn toifasida kubalik bokschi ustidan zafar qozonib, oltin medalni qoʻlga kiritdim. Quvonarlisi, jahon chempionatiga davlatimiz rahbari tashrif buyurdi. Bu barchamizning ruhimizni koʻtardi. Xalqimiz va Prezidentimiz ishonchi nafaqat bu turnirda, balki barcha musobaqalarda bizga kuch beradi.
Albatta, men uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan bu tarixiy gʻalaba oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilmadi. Buning ortida tinimsiz mehnat, eng avvalo, mamlakatimizda biz – sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar yotibdi. Shaxsan Prezidentimizning sohaga, sportchilarga mana shunday eʼtibori tufayli safimizga qoʻshilayotgan yoshlar soni ortib boryapti.
Qolaversa, kunda-kun ora sportchilar va terma jamoalar muvaffaqiyati haqida xushxabar eshitamiz. Bularning bari – Prezidentimizning sportchilarga alohida gʻamxoʻrligi va eʼtibori samarasi. Koʻnglida istak boʻlsa, mehnatdan qochmasa, sportchi gʻalabaga erishadi, bu tabiiy. Biroq, mashgʻulotlar uchun sharoit, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun imkoniyat, bundan tashqari, davlat tomonidan sportchilarga ruhiy quvvat berilishi muvaffaqiyatga erishishda muhim omildir.
Chet davlatlardagi musobaqa va turnirlar davomida tengdoshlarimiz, yoshlar bilan suhbatlashsak, ular yil davomida oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarida muntazam shugʻullanishimizga hayron boʻladi. Bu mashgʻulotlar uchun davlatimiz mablagʻ ajratishini, qoʻllab-quvvatlashini eshitib hayratlanadi. Demak, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar ana shu ragʻbat asosiga qurilayotir, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Oldinda bizni yangidan-yangi marralar, gʻalabalar kutmoqda. Prezidentimiz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida biz yoshlarga katta ishonch bildirdi. Davlatimiz rahbarining “Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting!..” deya bizni xalqaro maydonlarga chorlashi kuchimizga kuch, quvvatimizga quvvat qoʻshadi. Gʻalabalar sari yetaklaydi.
Bu ishonch, bu chorlovdan ruhlanib, oqilona foydalanib, Parijda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilamiz.
Abdumalik XALOKOV,
boks boʻyicha jahon chempioni