YOki bo'lmasam, yana bir viloyatdan yosh kelinchakni ikki nafar o'g'ilchasining ko'z o'ngida o'likday qilib sudrab, ko'chaga uloqtirilayotganini ko'rishning o'zi azob. Xo'sh, ana shunday zo'ravonliklardan xotin-qizlarimizni himoya qilishning qanday chorasi bor? Bugunning ayollari, maqomi(oliy ma'lumotli-o'rta ma'lumotli, ishli-ishsiz)dan qat'iy nazar, quyidagilarni bilishi lozim.
eng birinchi va qonuniy himoya - bu o'tgan yilning 2 sentyabr` kuni Prezident tomonidan imzolangan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonundir.
Mazkur qonunda zo'ravonlik, jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy zo'ravonliklar, tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish, tazyiqlar va zo'ravonlikning oldini olish, muhofaza orderi kabi tushunchalarga aniqlik kiritilgan va ularning mazmun-mohiyati to'liq ochib berilgan.
Qabul qilingan hujjat orqali endilikda tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchi ayol o'ziga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik sodir etilgani yoki ularni sodir etish tahdidi to'g'risida ariza bilan tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish huquqiga ega. SHuningdek, ular maxsus markazlarda, ishonch telefoni orqali bepul huquqiy maslahat oladi. Ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to'g'risidagi talab bilan murojaat qilishga haqli.
SHu bilan birga 2020 yil 6 yanvar` kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 3-son qaroriga ko'ra quyidagilar:
Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish tartibi to'g'risidagi nizom;
Tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo'lgan shaxslarning zo'ravonlik xulq-atvorini o'zgartirish bo'yicha tuzatish dasturidan o'tishi tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.
Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish to'g'risidagi nizomga ko'ra, himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo'lgan, qat'iy hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan sxemaga muvofiq beriladi.Himoya orderi tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmalarida yuritiladigan alohida daftarda qayd etiladi.
Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:
tazyiq va zo'ravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
tazyiq yoki zo'ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar va tashkilotlar jabrlangan xotin-qizlar bo'yicha ma'lumotga ega bo'lgach muvofiq shakldagi xabarnomani darhol ichki ishlar organlariga taqdim etadi.
Xabarnoma qonun hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi daftarda qayd etiladi.Tazyiq va zo'ravonlik to'g'risida xabar bergan shaxslar va tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to'g'risidagi shaxsga doir ma'lumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo'riqlanadi.
Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismida belgilangan tartibda qayd etilgan murojaatlar va xabarlar darhol profilaktika inspektoriga taqdim etiladi.
Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni 24 soat mobaynida o'rganib chiqadi hamda o'rganish davomida:
jabrlanuvchi va zo'ravonlik sodir etgan shaxslar hamda boshqa shaxslar bilan holat yuzasidan suhbat o'tkazadi;
jabrlanuvchi va zo'ravonlik sodir etgan shaxsning turmush tarzi, tazyiq va zo'ravonlik sodir etilishining kelib chiqishi sabablari va shart-sharoitlarini o'rganadi;
jabrlanuvchi va zo'ravonlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Profilaktika inspektori murojaat va xabarlarni o'rganish yakuni bo'yicha:
tazyiq va zo'ravonlik holatlari aniqlangan taqdirda - himoya orderini rasmiylashtiradi;zo'ravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderi berilganligi to'g'risida jabrlanuvchining roziligi bilan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarini, shuningdek, boshqa tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlarni xabardor qiladi;
tazyiq va zo'ravonlik holatlari aniqlanmagan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yig'ini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassis ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi;
O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda - himoya orderini berish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.
O'n sakkiz yoshga to'lmagan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish to'g'risidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili ishtirokida ko'rib chiqiladi.
SHaxs himoya orderini olishni va uni imzolashni rad etganda, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi hamda uni ushbu xatti-harakatni davom ettirgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi to'g'risida rasmiy ogohlantiradi va bu haqda jabrlanuvchini xabardor qiladi. Himoya orderi rasmiylashtirilganda barcha yozuvlar ko'k (havorang) siyohli ruchkada, tushunarli qilib yoziladi.
Himoya orderi uch qismdan iborat bo'lib:
birinchi qismi (asli) to'ldirilgandan so'ng jabrlanuvchilarga beriladi;
ikkinchi qismi (nusxasi) zo'ravonlik sodir etgan shaxslarga beriladi;
uchinchi qismi profilaktika inspektorida qoladi.Himoya orderi o'ttiz kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e'tiboran kuchga kiradi.
So'zim so'ngida yana bir bor demoqchi bo'lganim - hamma narsaning chegarasi bo'ladi, ayniqsa, insonga muloqot uchun til bejiz berilmagan. Hamma narsaga muloqot orqali aniqlik kiritib olsa bo'ladi. CHidab bo'lmas darajada aybi bo'lsa, birovning bolasiga jabr qilmay, javobini bergan ma'qul deb hisoblayman. Har bir zo'ravonlik, u qaerda sodir etilmasin, qonuniy javobini olmog'i lozim.
SHu o'rinda, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda tuman (shahar) adliya bo'limlari tomonidan hududdagi jinoyatchilik ko'rsatkichi va ishsizlik darajasi yuqori bo'lgan mahallalarda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari bilan hamkorlikda eng dolzarb mavzularda, shu jumladan, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish mavzusida ham tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Biz aholiga qabul qilinayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini barcha zamonaviy usullarda, ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda etkazyapmiz va albatta, manzilli targ'ibotimiz o'z samarasini beradi.
Zebo Haydarova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy
targ'ibot va ma'rifat bo'limi boshlig'i