– Mahallalarda uzum, jiyda, behi kabi daraxtlarni koʻpaytirish kerak. Bu borada Toshkent tajribasini yaratish boʻyicha alohida hujjat chiqaramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, shahar hokimiga televideniye orqali har oʻn besh kunda poytaxtda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni targʻib qilish hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berib borish vazifasi qoʻyildi.

Oʻz navbatida, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev bir zamonlar poytaxt mahallalarida, hovlilarda koʻp-koʻp bogʻlar, mevali daraxtlar boʻlgani, bugun esa nima uchun kamayib ketganiga izoh berdi.

Hokim izohiga koʻra, hovlilarda mevali daraxtlar kamayib ketishiga asosiy sabab, bu – har bir xonadonlarda ichimlik suviga oʻrnatilgan suv hisoblagichlar.

– Avvallari mahallalarda mashinasini darvozasi oldiga chiqarib, musiqani baland qoʻyib, soatlab mashina yuvayotgan odamlarni koʻp koʻrardik. Suvga “schetchik” qoʻyganimizdan keyin odamlar hovlisidagi daraxtlarni sugʻorishni ham kamaytirdi. Shu bois, har bitta mahallaga skvajina oʻrnatib berishni reja qilganmiz, – dedi J.Ortiqxoʻjayev.