Davlatimiz rahbari har qarich yerni, har tomchi suvni yuqori hosilga aylantirish yoʻlidan borishimiz shartligini, buni xorazmliklar hammadan koʻra yaxshi tushunishini taʼkidladi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlardan shoʻr tuproqqa chidamli paxta navlarini olib kelib, Xorazm sharoitida yetishtirishni tashkil qilish topshirildi. 

Urganch shahrida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etiladi.

Viloyatdagi fermer va klasterlarga 1 mingta texnikani lizing asosida yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.

Aholi, ayniqsa yoshlarga yerlarni auksion orqali boʻlib berishi amaliyoti Xorazmda ham davom ettiriladi. 

Mutasaddilarga shu tartibda har bir tumanda 100 gektardan yerni boʻlib berish topshirildi. 

Viloyatda sovutgichli ombor va kichik logistika markazlariga ehtiyoj katta. 

Shu munosabat bilan har bir tumanda 40 tadan kichik sovutgichli ombor tashkil qilish boshlanadi. 10 ta kichik agrologistik markazi qurilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi. Bunga 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.