Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida ilmiy va taʼlim muassasalari tomonidan ilm-fanni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni tijoratlashtirishga oid tadbirlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, 21–25-fevral kunlari Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining olimlari tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalarning koʻrgazmasi boʻlib oʻtyapti.
Koʻrgazmadan maqsad respublikamizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, professor-oʻqituvchilar va talabalar, ishlab chiqarish va sanoat korxonalari masʼullari, xorijiy davlatlarning vakolatxonalari hamda xorijiy korxona va tashkilotlar vakillarini loyihalar bilan yaqindan tanishtirib, ularni texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, bozor va marketing talablari toʻgʻrisida aniq fikrlarini bilish va respublikamiz iqtisodiyotida aylanmaga kiritish va eng muhimi, tayyor ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda yangi ishlanmalarni amaliyotga toʻliq joriy etishdan iborat.
Koʻrgazmsadan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasidan 30 ta, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutidan 20 ta, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidan 10 ta, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtidan 19 ta hamda 1 ta Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining harbiy tayyorgarlik oʻquv markaziga tegishli ishlanmalar joy olgan.
Ushbu koʻrgazma va uning doirasida tashkil etiladigan tadbirlar Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Mudofaa vazirligi oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorligini yangi bosqichiga olib chiqishga va yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
25-fevral kuni “Armiya va xalq yakdil” shiori ostida seminar oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati