Haroratni moʻtadillashtiruvchi “aqlli” plyonka ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi

    Fan 15 Aprel 2025 499

    Oʻzbek olimlari tomonidan issiqxonalar uchun moʻljallangan plyonkalar tarkibiga qoʻshiluvchi, haroratni moʻtadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalar sintez qilindi.

    Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infraqizil diapazonga aylantiradi. Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi +17...+22°C ga teng boʻladi.

    Natijada tashqi harorat -3…-7 °C boʻlgan holatda ham, issiqxona ichidagi harorat qoʻshimcha qizdirishsiz +5…+7°C gacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu koʻrsatkich 0…+2°C boʻladi).

    Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat +5...+8°C ga pasayadi.

    Infraqizil diapazondagi fotonlar soni koʻpayishi tufayli fotosintez tezlashadi va oʻsimliklar 1,5–2 baravar tez oʻsadi. Shu bilan birga, energiya sarfi 60 foiz dan ortiq kamayadi, hosildorlik 35–50 foizga ortadi, sugʻorish uchun suv tejalishi 30 foizni tashkil etadi, agar gidrogellar qoʻllanilsa, bu koʻrsatkich 90 foizgacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi.

    Sinovlar Toshkent, Jizzax, Fargʻona va Andijon viloyatlarida oʻtkazilgan.

    Hozirgi kunda Shanxay Qishloq xoʻjaligi akademiyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli tuproq-iqlim sharoitida keng koʻlamli sinovlar olib borilmoqda.

    Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarni qoʻshma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga koʻra, 2025-yilda 1 tonna, 2026-yilda esa 10 tonna nano zarrachalar ishlab chiqariladi.

    Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2 000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha Shanghai Daedon Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.