Bunday xulosaga xalqaro olimlar guruhi, jumladan, London universiteti kolleji tadqiqotchilari ham keldi. Tadqiqot BMC Medicine jurnalida chop etildi.

Tadqiqot Buyuk Britaniya, Tayvan, Xitoy, Daniya va AQSHdan 1,5 milliondan ortiq katta yoshli insonni qamrab oldi. Ishtirokchilar oʻn yildan ortiq vaqt davomida kuzatilib, ularning jismoniy faollik darajasi va atrofdagi havo sifati baholandi.

PM2,5-mayda dispersli zarrachalarining konsentratsiyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu mayda ifloslantiruvchi moddalar oʻpkaga chuqur kirib, soʻngra qon oqimiga oʻtishga qodir.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, haftasiga kamida ikki yarim soat shugʻullanganlarda muntazam jismoniy mashqlar barcha sabablardan oʻlim xavfini taxminan 30 foizga kamaytirgan. Biroq, agar odamlar havo ifloslanishi darajasi yuqori boʻlgan hududlarda yashasa, bu samara sezilarli darajada pasaygan.

PM2,5 ning oʻrtacha yillik konsentratsiyasi 25 mkg/m³ dan yuqori boʻlganda, himoya samarasi qariyb ikki baravar — 12-15 foizgacha kamaygan.

Yanada ogʻirroq sharoitlarda — ifloslanish darajasi 35 mkg/m³ dan oshganda — mashgʻulotlarning foydasi, ayniqsa, saraton kasalligidan oʻlim xavfini kamaytirish borasida yanada pasaygan. Olimlarning soʻzlariga koʻra, jahon aholisining qariyb uchdan bir qismi havoning bunday ifloslanish darajasi taʼsiriga duchor boʻlmoqda.

London Universitet kolleji professori Endryu Steptouning soʻzlariga koʻra, zaharli havo jismoniy mashqlarning salomatlikka taʼsirini susaytirishi mumkin, ammo ularning samarasini butunlay yoʻqqa chiqarmaydi.

Olimlarning taʼkidlashicha, tahlilda daromad, taʼlim darajasi, chekish va surunkali kasalliklarning mavjudligi kabi boshqa omillar ham hisobga olingan, bu esa xulosalarning ishonchliligini oshiradi.