Qiziltepa tumani hududidan oʻtuvchi M-37 “Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi” avtomobil yoʻlining 192 kilometrida “Navoiy — Buxoro” yoʻnalishida haydovchi D.B. “Kobalt” rusumli avtomashinani boshqarib, oʻzi bilan bir yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “Mersedes — Bens” rusumli yuk avtoulovining chap yon tomoniga borib urilib, yoʻl-transport hodisasi sodir etadi. “Kobalt” avtomashinasida qisqa tutashuv natijasida yongʻin yuzaga kelib, olov FVB yongʻin oʻchirish xodimlari tomonidan bartaraf etildi.

Natijada “Kobalt” avtomashinasining Qiziltepa tumanida yashovchi 27 yashar yoʻlovchisi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqiziladi.

Mazkur koʻngilsiz hodisaga “Kobalt” haydovchisi yuqori tezlikda harakatlanib, moʻljalni aniq ololmaganligi, quvib oʻtish vaqtida oraliq va yonlama masofani saqlamaganligi sabab boʻlgan, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.