Maʼlumki, qoidabuzarliklarning turlari koʻp. Lekin ular orasida shunday bir turi borki, u hayot uchun ancha xavfli hisoblanadi. Bu transport vositalarini tegishli ruxsatsiz qayta jihozlash qoidabuzarligidir.
Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabariga koʻra, Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan ushbu qoidabuzarlik yuzasidan bir kunlik reydlar oʻtkazildi. Barcha YPX inspektorlari bor eʼtiborni ushbu qoidabuzarlikni aniqlashga qaratdilar. Oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan 21 ta transport vositasi haydovchilarga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Bularning 18 holatda yuk transportlari bort qismini tegishli ruxsatnomasiz koʻtarib qayta jihozlanganligi, bir holatda belgilangan tartibda tegishli ruxsatnomasiz transport vositasi turi oʻzgartirilganligi, 2 holatda belgilangan tartibda YHX xizmatidan roʻyxatdan oʻtmagan gazda ishlash uchun ruxsatsiz qayta jihozlab, gaz ballon oʻrnatib olganligi aniqlandi.
Ushbu haydovchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 125-moddasi 3-qismiga koʻra bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarimalar belgilandi.
Har bir transport vositasi uni ishlab chiqargan zavod talablariga mos boʻlishi shart. Agar transport vositasini qayta jihozlash kerak boʻlsa, bu ish tegishli ruxsatnoma olinganidan soʻng, qayta jihozlashni amalga oshirishga ruxsati boʻlgan ustaxonalarda bajarilishi kerak. Chunki bunday ustaxonalarda malakali ustalar ishlashi bilan birga qayta jihozlash uchun zarur boʻlgan texnikalar ham mavjud. Harakatlanish xavfsizligini taʼminlashda esa bu juda ham muhim.