Taʼkidlanganidek, Maʼmuriy javobgarlik kodeksidagi baʼzi huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar miqdor insonparvarlik tamoyillariga mos emas. Shundan kelib chiqib, loyiha bilan bir necha jarimalar mikdori kaymaytirilmoqda. Xususan, muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki unda nazarda tutilmagan shaxs avtotransportni boshqarganlik hamda sugʻurta polisiga ega boʻlmaganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravarga (122,5 ming soʻm) kamaytirilishi shular jumlasidandir.
Shuningdek, ayrim javobgarliklar miqdori hozirgi zamon talabi va xavflilik darajasiga mos emas. Masalan, transportni boshqarishda haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va koʻlni band qilmaydigan vositalardan foydalanish, salonga oʻzboshimchalik bilan monitor oʻrnatganlik uchun javobgarlik hamda belgilangan harakat tezligi oshirib yuborilganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlamagan holda javobgarlikka tortish shular jumlasidandir.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va boshqa qoʻlni band qilmaydigan vositalardan foydalanishga ruxsat berilmoqda. Oʻzboshimchalik bilan monitor oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda. Tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash belgilanmokda. Transport vositalarini boshqarishda zarur boʻlgan hujjatlar haydovchi yonida boʻlmasa, shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida transport vositalarini boshqarish huquqi berilmoqda. Bunda ushbu hujjatlar mavjudligi yoʻl nazorati xodimi tomonidan elektron tizim orqali tekshiriladi.