Haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi

    Haydovchilik guvohnomasi olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyish evaziga 900 AQSH dollari va 1,1 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiariq tumani boʻlimi tomonidan IIV SHXBB Xorazm viloyati boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro G.D. fuqarolar T.S. va K.S.ni goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyish evaziga 900 AQSH dollari va 1,1 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Xuddi shunday, Departamentning Tuproqqalʼa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro D.S. fuqaro S.M.ning ishonchiga kirib, uning oʻgʻli N.M.ni goʻyoki viloyat YHHB idoralarida ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasi olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib, haydovchilik guvohnomasi olib berish evaziga 400 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 300 AQSH dollarini qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

    Departamentning Sariosiyo tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.N. fuqaro O.R.ga oʻzini “Vatanparvar” tashkiloti Sariosiyo oʻquv sport texnika klubi boshligʻi oʻrinbosari deb tanishtirib, unga oʻquv mashgʻulotlari va imtihonlarga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasi olib berish evaziga 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Davlatobod tumanida yashovchi K.X. fuqaro N.V.ni haydovchilik guvohnomasi olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan tanishlari orqali oʻtkazib qoʻyishi evaziga 150 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.