Hayotimni oʻzgartirib yuborgan uchrashuv

    Fikr 28 Aprel 2021 1906

    Kutilmagan shunday baxtli voqealar boʻladiki, umringni bezaydi, hayotingni butunlay oʻzgartirib yuboradi. Davlatimiz rahbari bilan yuzma-yuz muloqot faoliyatimda keskin burilish yasadi.

    Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifining birinchi kuni oqshomi. Idoramda, yaʼni viloyat ichki ishlar boshqarmasida hisobot monitoring jarayonlari bilan mashgʻul edim. Qoʻl telefonim jiringladi, viloyat faollarining ertangi yigʻilishida qatnashishimni aytishdi. Zarur ishlarni yakunlab, uyga borib dam oldim. 19-fevral tongida hayajonli tush koʻrib uygʻonib ketdim, unda Prezidentimiz bilan qoʻl berib soʻrashib, ancha gaplashibman. Nonushta paytida ota-onamga bu haqda aytdim, ular: “Bolam, bugun rostdan ham Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgin, yuzing yorugʻ boʻlsin, omin!” deya duo qildi...

    Majlisda viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangan Shavkat Abdurazzoqov faoliyati toʻgʻrisida munosabat bildirilishi kerak edi. Prezident birdan zalda va studiyalarda oʻtirgan yigit-qizlarga qarab: “Muzokara uchun yoshlardan kim soʻzga chiqadi?” deb soʻradi. Shartta qoʻl koʻtarib, mikrofonni olishim bilan davlatimiz rahbari meni minbarga chorladi. Ochigʻi, nutq uchun alohida tayyorlanmagandim. Viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori sifatida bajarayotgan vazifalarim toʻgʻrisida soʻzladim. Prezidentimiz menga bir-ikki savol berdi, javob qaytardim, oʻz yoʻnalishimda «mahallabay» tizim boʻyicha samarali va yangicha ishlash, zamonaviy kadrlardan unumli foydalanishga doir taklif-mulohazalarimni bildirdim. Shunda dafʼatan hayotimni oʻzgartirib yuborgan ajoyib hodisa roʻy berdi. “Oʻzingizdagi gʻayrat-shijoatni shahar hokimligiga olib oʻtsangiz, siz hozirdan boshlab Namangan shahri hokimiga oʻrinbosar etib tayinlandingiz”, degan samimiy xitob yangradi. Formada emasdim, harbiycha nutq ham xayolimdan koʻtarilib, lekin qatʼiy ohangda, “Albatta, hurmatli Prezident, yuksak ishonchingizni oqlayman!” deya minnatdorligimni bildirdim. Hayajondan yiqilib tushmaslik uchun minbarni mahkam ushlab olganimni pastga tushayotganda sezdim...

    Tashqariga chiqib, telefonimga qarasam, tabriklash uchun salkam 700-marta qoʻngʻiroq boʻlibdi. Uyga borsam, xushxabar ijtimoiy tarmoqlar orqali yashin tezligida tarqalgan, qoʻshnilar internetdan tezkor yangilikni oʻqib, oilamizdagilarga suyunchilab boʻlgan ekan. Onam koʻzda yosh, otam shodon chehra bilan kutib oldi, xonadonimiz qadrdonlarga toʻldi. Bu quvonchli va omadli lahzalarni hech qachon unutolmasam kerak!

    Shunday qilib, 30 yoshimda Namangan shahri hokimining oʻrinbosari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimida ishga kirishdim.

    Yangi masʼuliyatli lavozimga oʻtishim bilan rahbarlik salohiyatimni oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga tinglovchilik uchun Toshkentga yuborildim. Hozir darslarni onlayn tarzda oʻzlashtirmoqdaman. Boshqa vaqtlarda Namangan shahri hokimi hamrohligida davlatimiz rahbari tashrif chogʻida borgan va tanqid qilgan “Bunyodkor” mahallasiga va viloyat markazidagi mavjud barcha MFYlarga reja asosida kirib, holatni oʻrganyapmiz. Avvalo, obodonlashtirish barobarida odamlardagi boqimandalik illatini yoʻqotishga, daxldorlik va faollik tuygʻusini oshirishga astoydil urinyapmiz.

    Qolaversa, tashkil etilgan shtabda har kuni fuqarolar murojaati bilan shugʻullanaman. Bundan tashqari, asosiy eʼtiborimni shahar “Ayollar daftari”ga kirgan 8484 nafar xotin-qizlar masalalari yuzasidan belgilangan ishlar ijrosiga yoʻnaltiraman. Bugungacha 2026 nafar ayolni roʻyxatdan chiqarishga erishdik, 2632 nafari daftardan chiqish arafasida. Ogʻir sharoitga tushib va ishsiz qolgan, salomatligini yoʻqotgan, tadbirkorlikni boshlamoqchi boʻlgan opa-singillarimiz muammolarini hal etish choratadbirlarini koʻryapmiz. Yurtim — koʻksim, elim — iligim, deydi xalqimiz. Bugun bizning koʻksimiz gʻururga toʻla, iligimiz toʻq. Ortimizda qudratli davlatimiz, bunyodkor xalqimiz, fidoyi, xalqparvar Prezidentimiz turibdi. Shunday ekan, bugungi marralar biz — yoshlarga choʻt emas. Maqsadimiz koʻp, ulardan eng ulugʻi Uchinchi Renessans davriga munosib, xalqimiz koriga yaraydigan el farzandi boʻlish.

    Dostonbek ABDUQAHHOROV,

    Namangan shahri hokimi oʻrinbosari