Joriy yil 30-avgust kuni respublikamiz bojxonachilari Toshkent xalqaro aeroportida 57 dona timsoh bolasi hamda 10 dona buqalamunni noqonuniy ravishda olib kirishga boʻlgan urinishlarni fosh qilishgan edi, deyiladi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida.
Holatga oydinlik kiritilguniga qadar ushbu yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonoot bogʻiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim savdo belgilarini targʻib qilishda yovvoyi hayvonlardan, xususan, timsoh bolalaridan foydalanilgani sababli jamoatchilikda ushlab qolingan timsoh bolalari begona qoʻllarga chiqib ketgani yuzasidan shubha-gumonlar yuzaga kelgani tufayli Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati Toshkent hayvonot bogʻida boʻlib, jonivorlarning hozirgi holati bilan qiziqdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, timsohchalar hayvonot bogʻi ekspozitsiyasida tashrif buyuruvchilar eʼtiboriga havola qilinmoqda. Yovvoyi tabiatdan ajratib olingani sababli timsoh bolalarining barchasi ham birdek xonaki sharoitga moslashganicha yoʻq. Ularning ayrimlari mustaqil ravishda oziqlana olmayapti.
Shuningdek, hamon maxsus karantinda saqlanayotgan buqalamunlarning ahvolini ham yaxshi deb boʻlmaydi. Ular qutida mevalar orasida olib kelingani sababli parvoz vaqtida mevalar ichida siqilib qolib, jiddiy shikast yegan.
Natijada hozirga kelib 1 timsohcha va 6 buqalamun nobud boʻldi. Hozirda ular utiliziatsiyaga qadar maxsus muzlatkichda saqlanmoqda.