Ayniqsa, yer berish, kreditlar ajratishda yoshlarga keng imtiyozlar taqdim etilishi sohada navqiron yigit-qizlarning soni ortib borishiga xizmat qilmoqda.

Farg'ona viloyati Bag'dod tumanidagi “Zamin quyoshi” fermer xo'jaligi rahbari Ravshanbek Ahmedov ham dehqonchilikni tadbirkorlik bilan uyg'unlashtirib, yaxshigina daromad olayotgan yoshlardan.

2018-yilda tender orqali 52 gektar yer olib, tashkil etgan fermer xo'jaligida paxta, g'alla yo'nalishida ish boshlagan qahramonimiz har yili davlat rejasini ortig'i bilan bajarib kelmoqda. Yiliga paxtadan 150, g'alla hosilidan 200 million so'm daromadi bor. 5 nafar doimiy, 20 nafar mavsumiy ishchi o'rni yaratgan. Joriy yildan sabzavot etishtirishni yo'lga qo'yib, xorijga eksport qilishni boshlash niyatida.

— Bolaligimizdan yerga mehr berib katta bo'lganmiz, — deydi yosh fermer. — Onam Matluba Jo'rayeva 51 yil qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat yuritib, halol va fidoiy mehnatlari uchun ko'p bora mukofotlanganlar. Onamdan qishloq xo'jaligining barcha yo'nalishlarini, sohaning sir-asrorlarini o'rgandim. Shu boismi, bugungacha tarmoqda deyarli qiynalmasdan ishlab kelyapman. Har qanday yo'nalishda ish bilim va tajriba bilan boshlansa, mashaqqatlar bo'lmaydi, deb hisoblayman.

Farg'ona tadbirkorlik sohasini rivojlantirishda o'ziga xos tajribaga ega viloyatlardan hisoblanadi. Ayniqsa, so'nggi yillarda kichik va o'rta biznesga keng yo'l ochilmoqda. Bu borada viloyat rahbari Xayrullo Bozorov viloyat tadbirkorlariga yaqindan ko'makchi. Viloyatda qishloq xo'jaligi tarmog'i ham sezilarli darajada rivojlanmoqda. Ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklari soni oshib, qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish ko'rsatkichlari o'sib boryapti.

Shu maqsadda, Ravshanbek Ahmedov rahbarligidagi xo'jalikni ham ko'p tarmoqli fermer xo'jaligiga aylantirish ishlari boshlangan. Ishlab chiqilgan loyihaga ko'ra, xo'jalik “paxta-g'alla” yo'nalishini saqlab qolgan holda qo'shimcha 9 xil yo'nalishda ish olib boradi. Hozirda fermer xo'jaligining 15 gektariga suv resurslarini tejovchi tomchilatib sug'orish texnologiyalarini joriy etish bo'yicha shartnoma imzolangan. Yaqin yillarda 5 milliard so'm qiymatidagi loyiha asosida parrandachilik yoki chorvachilikni yo'lga qo'yish rejalari ham bor. Bundan tashqari, xo'jalikda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish ko'zda tutilgan. Umumiy qiymati 2 milliard so'm, deya baholangan loyihani amalga oshirish orqali qo'shimcha 20-25 ta ish o'rni yaratiladi.

Zamonaviy ishlab chiqarishni ilm-fan bilan bog'lash yaxshi samara berishi amaliyotda o'z isbotini topmoqda. Farg'ona politexnika institutining bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan qahramonimiz Farg'ona viloyati bandlik bosh boshqarmasi, O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi viloyat Kengashi va Farg'ona viloyati hokimligida mas'ul lavozimlarda ishlab, yoshlar muammolarini o'rgandi, ularga amaliy ko'maklar ko'rsatdi. Bugungi kunda u yosh fermer bo'lishi bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi hamdir.

Sportning futbol, boks, qo'l jangi turlariga qiziqadigan, kitob mutolaa qilishni kanda qilmaydigan qahramonimiz biznes hamda mamlakat iqtisodiyoti uchun foydali taklif-loyihalar ham ishlab chiqadi. Bugungi kunda uning “Har bir yoshga bir rahbar”, “Raqamli mahalla” singari bir qancha loyihalari Farg'ona tajribasi misolida amalga oshirilishi ko'zlangan. Ravshan Ahmedov Yoshlar parlamenti a'zosi sifatida ham mamlakat yoshlarining ijtimoiy siyosiy hayotini rivojlantirish yo'llari, yoshlar siyosati hamda yigit-qizlarda inson resurslari va intelektini rivojlantirish kabi loyihalar ustida ishlayapti.

Farg'onada Ravshanbekni nafaqat yosh tadbirkor, deputat yigit, balki saxovatli inson sifatida yaxshi tanishadi. U odamlarga yordam berishni, “o'ng qo'ling berganini, chap qo'ling bilmasin” qabilida muhtojlarga xayr-exson qilishni xush ko'radi. Fermer xo'jaligi tashkil etilganidan buyon g'alladan bo'shagan erlarni uyushmagan yoshlarga 20-25 sotixdan ajratib keladi. Yo'lini topolmay yurgan qanchadan-qancha yoshlarni yoniga olib, ish o'rgatdi. Ularga to'g'ri yo'l ko'rsatdi. Shu bois, Prezidentimizning joriy yildagi yoshlarga yer ajratish bo'yicha topshiriqlari asosidagi ishlarda bajonidil, faollik bilan ishtirok etyapti. U doim dehqonchilik, fermerlikni ham tadbirkorlikka aylantirib, yaxshi daromad topish mumkinligini ta'kidlaydi.

— Yoshlar oldiga qo'ygan maqsadi sari harakat qilishi, to'xtamasligi kerak, — deydi Ravshanbek. — Davlatimiz rahbari “er xalqniki, ularga berishimiz kerak”, deyaptilar. Mamlakatimizda qishloq xo'jaligi maydonlari ko'p. Ishlayman, degan yoshlarga berilyapti. Bu katta imkoniyat. Birdaniga ko'p narsani orzu qilmasdan, imkoniyatga qarab, tezda ishni boshlash kerak. Mutasaddilarning oldilariga borib, maslahat, yo'l-yo'riq olish zarur. Izlanish, intilish kerak. Hech narsa birdaniga bo'lmaydi. Muammolar barchada bo'ladi, ammo ularni intilishimiz bilan, orttirgan hayotiy tajribalarimiz asosida engib o'tamiz. Asosiysi, ilm, o'rganish bilan ishni boshlash zarur.

Qahramonimizning oldiga qo'ygan xayrli maqsadlari bisyor. Ular orasida raqamli iqtisodiyot bo'yicha doktorlik ishini yoqlash ham bor. Asosiy maqsadi esa o'ylab yurgan yangi loyihasini fermer xo'jaligida amalga oshirish orqali hozirgi 300-400 million so'm yillik daromadini 1-2 milliard so'mga yetkazishdan iborat. Xo'jalik faoliyatini yanada kengaytirish orqali qo'shimcha 100 ta yangi ish o'rni yaratib, mamlakat iqtisodiyoti rivojiga yanada ko'proq hissa qo'shmoqchi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri