Oksford universiteti olimlari Nucana biofarmatsevtik kompaniyasi bilan birgalikda Himolay qoʻziqorini tarkibida saraton kasalligini davolashda qoʻllash mumkin boʻlgan, korditsepin deb nomlangan yangi molekulalar birikmasini topdi.

Taʼkidlash joiz, qoʻziqorin xitoy korditsepini sifatida ham mashhur va bir necha asrlar davomida Xitoyda anʼanaviy tibbiyotda qoʻllanilgan. Korditsepin bir necha asrlar davomida nafaqat yalligʻlanish kasalliklari, balki saraton kasalligini davolash uchun ham ishlatilgan.

Olimlar korditsepin birikmasidan foydalanib saratonga qarshi taʼsirga ega boʻlgan yangi kimyoterapiya vositasini yaratishga muvaffaq boʻlishdi. Tadqiqot mualliflariga koʻra, yangi preparat saraton hujayralariga tabiiy korditsepinga qaraganda 40 barobar kuchliroq taʼsir koʻrsata oladi.

Shu bilan birga, ilgari korditsepinning samaradorligi oʻsmalarga qarshi kurashda duch kelinadigan toʻsiqlar bilan cheklangan edi. Olimlar taʼkidlaganidek, bu asosan dori qon oqimiga kirganda tezda ADA (Adenozindezaminaz) fermenti tomonidan parchalanishi bilan bogʻliq. Korditsepinning qolgan qismi saraton hujayralariga oʻtkazilishi va saratonga qarshi metabolitga aylanishi kerak. Tabiiy modda uchun organizmda bunday assimilyatsiya jarayoni juda qiyin, shuning uchun oʻsimtaga ozgina qismi kiradi.

Olimlar texnologiyalar yordamida saratonga qarshi toʻsiqlarni yaxshiroq yengib oʻtishga qodir bu birikmaning salohiyatidan toʻliq foydalanishga harakat qilmoqda.

Texnologiya korditsepinga kichik kimyoviy guruhlarni biriktirish orqali ishlaydi, bu uni qon oqimining parchalanishiga chidamli qiladi va saraton hujayralariga kirishini osonlashtiradi. Natijada oʻsimta hujayralarida saratonga qarshi metabolitlarning ancha yuqori darajasi hosil boʻladi va faollashadi.

Korditsepinning bu takomillashtirilgan shakli NUC-7738 deb nomlandi va yangi kimyoterapevtik preparat allaqachon in vitro klinik sinovlardan oʻtdi.

Natija esa yangi dori qarshilik mexanizmlarini yengishini koʻrsatdi. Hozirgi vaqtda olimlar qattiq oʻsmalari boʻlgan (toʻqima bilan toʻldirilgan, qattiq qobiq va aniq shaklli oʻz elementlaridan hosil boʻlgan saraton) bemorlarda oʻtkazilgan klinik tadqiqotlarda korditsepinning samaradorligini kuzatmoqda va klinik potensialni yanada toʻliqroq baholash uchun sinovlarni davom ettirish rejalashtirilgan.