Suhbat davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmining izchil oʻsishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. 2020-yil yakunlari boʻyicha Hindiston bilan oʻzaro savdo hajmi qariyb 442 million dollarni tashkil etdi, bu esa 2019-yildagisidan 25% koʻpdir. Shu bilan birga, oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish yuzasidan samarali chora-tadbirlar koʻrishga qiziqish bildirildi va yaqin istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Jumladan, ikki mamlakatning tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim tuzish imkoniyatlarini baholash boʻyicha oʻtkazilayotgan qoʻshma tadqiqot natijalarini tayyorlashni jadallashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida hukumatlararo bitimni imzolashni jadallashtirish hamda biznes-forumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida ishbilarmonlik munosabatlarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar.
Shuningdek, moliyaviy-texnik hamkorlik masalalariga toʻxtalib oʻtildi — ikki mamlakat vazirliklari va idoralarining Hindiston Eksimbanki hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan ijtimoiy va infratuzilma loyihalarining texnik-iqtisodiy parametrlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma faoliyati jadallashtirildi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, tegishli tuzilmalar mutaxassislari orasidan xalqaro transport yoʻlaklari tizimiga integratsiyalashish boʻyicha tajribani oʻrganish yuzasidan qoʻshma ekspert guruhlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston transport infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish sohasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib oldilar.
Videokonferensiya yakunida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini tezkorlik bilan hal etish hamda ikkala tomon manfaatdor boʻlgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar darajasida faol muloqotni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.