Hindiston va Turkiyadan kirib kelayotgan fuqarolar karantinga olinadimi?

    Salomatlik 9 May 2021 771

    Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, Hindiston va Turkiyadan uchib kelayotgan har bir shaxs tomonidan mamlakatimizga kirib kelganidan soʻng karantinda boʻlishlari yuzasidan ogohlantirilganligi yuzasidan tilxat toʻldiriladi.

    Bunda aeroportdan boradigan yashash manzili, telefon raqami va karantin talablarini buzganda qonunchilik hujjatlarida javobgarlik belgilanganligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.

    Shuningdek, kasallik kirib kelishi qamrovini aniq baholash maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati taklifiga muvofiq, Hindiston yoki Turkiyadan Oʻzbekistonga kirib kelayotgan barcha shaxslardan koronavirus infeksiyasiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan PZR tekshiruvini oʻtkazish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.

    Ulardan koronavirus infeksiyasiga PZR test namunasi aeroport kutib olish zalida olinadi va belgilangan tartibda uy yoki mehmonxonada 14 kun davomida karantinda boʻlish uchun joʻnatiladi.

    ➕PZR test tahlili 18 soat ichida musbat chiqqan taqdirda belgilangan tartibda davolash ishlarini tashkillashtiradi;

    ➖PZR test tahlili natijasi manfiy chiqqan taqdirda shaxs 14 kunlik karantinda boʻlishi davom ettiriladi.

    Oʻzbekistonga havo yoʻllari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar soʻnggi 72 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy koʻrsatkichga ega deb topilgan maʼlumotnomani taqdim etish talabi saqlanib qoladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Matbuot xizmati.