Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi 2020-yildagi faoliyatini koronavirus pandemiyasi tufayli qo‘llanilgan karantin choralariga qaramasdan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat hamda Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosiga, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish borasidagi dolzarb vazifalar ijrosini nazorat qilishga qaratgan.

2020-yilda yuklatilgan vazifalar doirasida Hisob palatasi tomonidan 87 ta nazorat tadbiri va tematik tahliliy o‘rganishlar amalga oshirilgan.

Natijada Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi yuzasidan 2020-yilda 671,3 milliard so‘mlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 1 trillion so‘mdan ortiq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan mablag‘laridan 23,8 milliard so‘mlik kamomad va noqonuniy xarajatlar aniqlanib, ortiqcha moliyalashtirilgan 8,4 milliard so‘m mablag‘lar jamg‘armaga qaytarilgan va 2,6 milliard so‘mlik ortiqcha va asossiz to‘lovlarning oldi olingan.

Davlat ulushiga ega 2 232 ta korxonalar tomonidan dividendlarning to‘liq byudjetga to‘lanishi tahlil qilinib, 4,8 trillion so‘mlik dividendlarning byudjetga o‘tkazib berilishi ta’minlangan.

Davlat tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan holda 2010 — 2019-yillarda yakunlangan umumiy qiymati 12,6 milliard dollarlik 81 ta loyihaning 24 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.

Davlat rahbarining 796 ta hujjatlaridagi 15 518 ta topshiriqlari ijrosi nazoratga olingan.

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish va takrorlamaslik yuzasidan 10 ta yo‘nalishda 28 ta takliflar ishlab chiqilgan.

Hisob palatasi o‘z faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga amal qilib moliyaviy huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 40 dan ortiq materiallar rasmiy veb-saytda, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan.

Shu bilan birga, senatorlar Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijalariga qaramasdan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘larining sarflanishida noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar soni yildan-yilga ortib borayotganini ham qayd etdi.

Bu esa Hisob palatasining Qonunda belgilangan vazifalari ijrosini ta'minlashda ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalangan holda faoliyatini kuchaytirishni ham talab etishi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.