Birinchidan, Hisob palatasining asosiy vazifalari qayta koʻrib chiqildi. Palata Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ekspertizasini va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazadi (ilgari – davlat byudjeti loyihasi shakllantirilishi va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga muvofiqligining tizimli tahlilini amalga oshirgan).
Ikkinchidan, tegishincha Hisob palatasining funksiyalariga ham oʻzgartirishlar kiritildi. Xususan, palata:
- davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ekspertizasini va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazish sohasida:
- Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari loyihasining shakllantirilishini ularning koʻrsatkichlari asosligini aniqlash maqsadida, ularning daromadlarini prognoz qilish hamda xarajatlarni rejalashtirish, qarz siyosati hamda byudjetlararo munosabatlar sifatiga baho berish maqsadida oʻrganishni va tahlil qilishni amalga oshiradi;
- davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ekspertizasini va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha xulosa beradi;
- byudjet tizimidagi byudjetlar va boshqa jamgʻarmalardan xarajatlar qonuniy va samarador amalga oshirilishi yuzasidan audit oʻtkazish, ularni qisqartirish imkoniyatlarini aniqlash sohasida:
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, shuningdek Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar huzuridagi missiyalari va vakolatxonalari (ilgari – Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari) xorijiy valyutadagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Uchinchidan, kiritilgan qoʻshimchaga koʻra Hisob palatasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vakolatlar doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli.
Boshqa oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 26.08.2021 yildan kuchga kirdi.