Gapning indallosini aytadigan boʻlsak, har bir oilaga baraka olib kirishga bel bogʻlagan hokim yordamchilari faoliyatini boshlaganiga endi toʻqson kun boʻlsa-da, allaqachon mahalla ahliga, faol va jonkuyarlari esa elga tanilib ulgurdi.
Hokim yordamchilari ish boshlaganini yaxshilar yaxshilikka yoʻydi, gʻanimlar fisqu fasod changini qoqdi. Nima boʻlganda ham bugun hokim yordamchilari xalq ichida yuribdi, oddiy odamlar hayotini oʻrganyapti, muammolarini tinglab, tadbirkorlikka ruhlantirmoqda, bu yoʻlda ularga yordam berayapti.
Bunga misollarni har bir mahalladan keltirish mumkin. Darvoqe, Asrorning hayotiga hech kutilmaganda kirib kelgan barakaga qaytsak.
– Pulim yoʻqligi bois, yollanib ishlashga majbur edim. Hech qanday yugur-yugur va ovoragarchiliksiz motokultivator olasan, deyishganida ishonmagandim, – deydi Asror Yodgorov. – Kimlargadir kerakligingni his etib yashash qanday yaxshi. Chunki bir vaqtning oʻzida ham motokultivatorli, ham doimiy daromadli boʻldim. Shu tariqa oilamga, ota-onamga yordamim tegmoqda.
Qozon va uning atrofidagi qishloqlarda motokultivatori bor odam aholi tomorqasining har bir sotigʻini 15-20 ming soʻmdan haydab beradi. Kuniga 10 sotix yer haydasa, oyiga 6 million soʻmgacha pul topishi mumkin. Qishloq sharoitida bu pulning qiymati Toshkentdagi kundalik xarajat bilan solishtirganda 20 million soʻm maoshga tenglashadi.
— Hozirgi kunda tumanimizdagi 50 ta mahalla fuqarolar yigʻinida hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda, — deydi Qorakoʻl tumani hokimi Xurshid Tohirov. – Ular uyma-uy yurib, ishni ehtiyojmand oilalarga yordam berishdan boshladi. Bu jarayonda, avvalo, ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanmoqda. “Mahallabay” ishlash tizimi aholi muammolari yechimining asosiy kaliti ekani amalda oʻz isbotini topib ulgurdi. Bu esa baʼzi odamlar ongidagi boqimandalik, “nima boʻlsa boʻlar, menga nima”, degan kayfiyatning barham topayotganidan va ularda ishlashga xohish uygʻonib, halol mehnat bilan daromad topish istagi kuchayib borayotganidan dalolat. Aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish bosh maqsad boʻlsa, bu maqsadning asosida har bir oila taqdiriga individual yondashuv turadi. “Mahallabay” ishlash tizimi aynan aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun muhim yoʻnalish, ulardagi muammolarni kompleks yechish uchun imkoniyat yaratdi. Hokim yordamchilari faoliyati esa islohotlar samaradorligini oshirish, mahallalarning yutuq va kamchiliklariga alohida rakursdan qarash demakdir.
Qorakoʻl tumanida oʻziga xos tajriba ham shakllangan. Yaʼni aholi turmush darajasini yuksaltirish uchun asosiy drayver yoʻnalishlar belgilab olinib, har bir mahalla alohida sohalarga ixtisoslashgan. Masalan, “Xoʻjalar” mahallasida servis, “Xoʻjakon”da xalq hunarmandligi, “Doʻstlik”da uy mehmonxonalar xizmati rivojlanayotgan boʻlsa, “Oqoltin” mahallasi chorvachilik va issiqxonalar, “Solur” esa meva va bogʻdorchilikka ixtisoslashgani bilan ajralib turadi.
Yangi lavozim egalari qay tarzda ishlamoqda?
— Prezidentimiz shu yil 15-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bizga mahallada qanday ishlar qilishimiz kerakligini aniq belgilab berdi, — deydi “Oqoltin” MFYdagi hokim yordamchisi Umidjon Barakayev. — Shu asosda amaliy ishlarni boshlab yubordik. Uyma-uy yurish orqali namunali, oʻrta va ehtiyojmand xonadonlarni aniqlab oldik. Ehtiyojmand oilalarga koʻmak berishga kirishdik. Har bir fuqaroning qiziqish va kasb salohiyatidan kelib chiqib, avvalo, hududda ilgari mavjud boʻlmagan xizmat turlari tashkil etilib, bandlik taʼminlanmoqda.
Umidjon Barakayev yil boshidan buyon mahalladagi 90 foizdan ziyod aholi vakillari bilan uchrashib, 20 dan ortiq xotin-qizni “Garden Tex” toʻqimachilik korxonasiga ishga joylashtirishga erishdi. Shuningdek, u hududda kooperatsiya tashkil etishga tashabbuskor tadbirkorlarni jalb etgan holda, odamlarga parranda va uning ozuqasini berish orqali oyiga 2 million soʻm daromad olish taklifini ilgari surdi. Ayni damda soha mutaxassislari aholini parranda boqishga oʻrgatmoqda.
Xatlov davomida chorvachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan 37 ta oilaga yirik shoxli, naslli chorva mollari, 6 ta xonadonga mayda shoxli chorva mollari va 42 ta xonadonga 5 tadan kurka tarqatildi, yana bitta fuqaroga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.
Oʻrganishlar davomida mahallada bir kilometrga yaqin yoʻl taʼmirtalabligi aniqlandi. 42-umumtaʼlim maktabiga olib boradigan bu yoʻldan oʻqituvchi va oʻquvchilar qishda loy, yozda tuproq kechib kelardi. Nihoyat shu yoʻlga ham shagʻal yotqizildi.
“Solur” mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ish boshlagan Ixtiyor Berdiyev ham mahalladoshlari roziligi yoʻlida mavjud muammolarni hal qilish harakatida yelib-yugurmoqda. Uning tashabbusi bilan mahallada yangi sohaga qoʻl urilib, oʻnlab xonadonlar bandligi, toʻkin-sochinligiga erishilmoqda. Gap shundaki, kooperatsiyalar orqali aholiga hoʻl mevani quritish uskunasi berildi. Qish faslida tadbirkor tomonidan yetkazib beriladigan topinambur oʻsimligi, yozda hoʻl mevani quritish orqali har bir oila kuniga 170-180 ming, oyiga esa 5 million soʻm atrofida daromad olish imkoniga ega boʻldi.
— Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bugun oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbarining hokim yordamchilari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutgan farmoni va hukumatning mazkur hujjatga hamohang qabul qilingan qarori hokim yordamchilari zimmasiga masʼuliyat yuklash barobarida keyingi faoliyatimizda ham muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Ixtiyor Berdiyev.
Yaqinda tumandagi hokim yordamchilari tomonidan oʻtkazilgan xatlov natijasida oʻz biznesini boshlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga qiynalayotgan fuqarolar roʻyxati shakllantirilib, tuman hokimiga berildi. Hokim roʻyxatdagi 62 fuqaro bilan suhbatlashib, kelgusi rejalari bilan qiziqdi va ularga 46 ta motoroller hamda 16 ta motokultivator kredit asosida topshirildi.
Qorakoʻl tumanidagi mahallalarda hayot joʻshqin davom etmoqda, odamlarning dunyoqarashi oʻzgargan — yaxshi yashashga intilishi kuchaygan. Albatta, muammolar ham bor. Ularni hal qilish uchun hokim yordamchilari zimmasida katta masʼuliyat turibdi. Demak, hali katta ishlar oldinda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri