Hokimliklarning qurilishga ruxsat berish vakolati butunlay bekor qilinadi

    So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda byurokratiyani qisqartirish, korrupsiyaviy va inson omili aralashuviga barham berish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini avtomatlashtirish borasida qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

    Xususan, qurilishga ruxsat berish, rekonstruksiya qilish, vaqtinchalik bino-inshootlar qurishga ruxsat berish kabi davlat xizmatlarini ko‘rsatish bundan bir necha yil avval davlat xizmatlari markazlari orqali
    “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish boshlangan.

    Bugungi kunda, mazkur jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 20.04.2022 yildagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’yektni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.

    Biroq, Adliya vazirligi tomonidan “E-qaror” tizimi orqali hokimliklarning qarorlari monitoring qilinganda ular tomonidan qurilishga ruxsat berish, rekonstruksiya qilish, vaqtinchalik bino-inshootlar qurishga ruxsat berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinayotganligi aniqlandi.

    Bunday qarorlar qabul qilishga Shaharsozlik kodeksining ayrim normalari asos qilib olingan.

    Shu boisdan, Adliya vazirligi tomonidan ruxsat berish sohasida yagona amaliyotni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik hujjatlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish maqsadida “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarning takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” Qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

    Mazkur Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishning elektron portaliga joylashtirildi.

    Loyihada mahalliy davlat hokimiyati organlarining qurilish sohasiga oid ularga xos bo‘lmagan vakolatlarini chiqarib tashlash nazarda tutilgan.

    Bu esa qurilish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi mavjud muammolarni, normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni hamda ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etilishiga xizmat qiladi.